Jazoni ijro etish muassasalariga tashriflarni tashkil etish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Diplomatik korpus, xalqaro va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining jazoni ijro etish muassasalariga tashrifini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Unga koʻra, respublika va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar hamda OAV vakillari jazoni ijro etish muassasalari (JIEM)ga tashrifga ruxsat olish uchun Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Murojaat u tushgan kundan boshlab 15 kun ichida koʻrib chiqiladi hamda natijasi boʻyicha murojaat qiluvchiga yozma (elektron) xabar yuboriladi.

Vakillarning JIEMga tashrifi belgilangan ichki tartib-qoidalarga rioya qilgan holda haftaning ish kunlarida (dushanba kunidan juma kuniga qadar soat 09:00 dan 19:00 gacha) amalga oshiriladi.

JIEMga tashrif buyurish uchun diplomatik korpus, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar hamda xorijiy OAV vakillari Tashqi ishlar vazirligiga, Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtgan tashkilotlar esa – Adliya vazirligiga tegishli murojaatnomani yuborishlari lozim.

Murojaatnoma 5 ish kunida koʻrib chiqilib, tegishli tartibda JIEBBga yuboriladi.

JIEM maʼmuriyati rejalashtirilayotgan tashrif toʻgʻrisida tegishli xabar olganidan soʻng uning belgilangan muddatlarda oʻtkazilishini tashkil etadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications