Kam ta’minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam berish tartibi qanday?

Kam ta’minlangan oilalarga mahalla yig‘ini tomonidan quyidagi to‘lovlar to‘lanadi:

  • bolali oilalarga nafaqa; (14 yoshga to’lmagan bolali oilalarga)
  • bola parvarishi uchun nafaqa (2 yoshga to’lmagan farzadi borlarga)
  • moddiy yordam.

Nafaqa yoki moddiy yordam olish tartibi qanday?

Nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun doimiy ro‘yxatda turgan joydagi mahalla yig‘iniga ariza berish kerak. (Ariza namunasi). Alohida hollarda, oilada muomalaga layoqatli shaxslar bo‘lmaganda nafaqa yoki moddiy yordam mahalla raisining taqdimnomasiga asosan ham tayinlanishi mumkin.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari (bola parvarishi va bolalar nafaqasi uchun).

Moddiy yordam so‘ralgan arizaga, ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.

Ariza 13 kun mobaynida ko‘rib chiqilib, nafaqa, moddiy yordam tayinlash yoki tayinlashni rad qilish haqidagi qaror qabul qilinadi. Rad etilganda sudga shikoyat qilish mumkin.

Nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash mezonlari qanday?

Nafaqa tayinlash uchun mahalla yig‘ini oilaning bir oydagi daromadini aniqlaydi.

Barcha aniqlangan 3 oylik daromad o‘sha oiladagi a’zolar soniga bo‘lingandan keyin, har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan summa bazavaiy hisoblash miqdorining 2,5 baravaridan kam bo‘lsa, ushbu oilaga nafaqa tayinlanadi. Daromad ko‘p bo‘lsa nafaqa to‘lanmaydi.

Oila tarkibini aniqlashda quyidagilardan tashqari o‘sha oila yashaydigan manzildagi oila a’zolarining barchasi hisobga olinadi:

  • murojaat qilgan ota-onalarning o‘z oilasiga ega bo‘lgan aka-uka va opa-singillari;
  • ota-onalari ularga nisbatan ota-ona huquqlaridan mahrum etilgan bolalar;
  • to‘liq davlat ta’minotidagi bolalar, shuningdek vasiylikka (homiylikka) olingan bolalar;
  • chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan yoxud harbiy ta’lim muassasasida o‘qiyotganligi sababli oilada bo‘lmagan ota-ona (farzandlikka oluvchi);
  • ozodlikdan mahrum qilingan ota yoki ona (farzandlikka oluvchi).

Bunda quyidagi daromadlar hisobga olinadi:

  • oylik ish haqi;
  • mulkiy daromadlar (masalan, mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan pul);
  • yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
  • chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a’zolaridan pul tushumlari summasi;
  • pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar;
  • shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;
  • aliment;
  • boshqa daromadlar.

Nafaqa, moddiy yordamning miqdori va to‘lash muddati qancha?

Bolali oilalarga nafaqa qo‘yidagi miqdorlarda to‘lanadi:

  • bir nafar farzandi bo‘lgan oilaga — 131 000 so‘m;
  • ikki nafar farzandi bo‘lgan oilaga — 217 000 so‘m;
  • uch nafar va undan ko‘p farzandi bo‘lgan oilaga — 304 000 so‘m.

Nafaqa 6 oy muddatga tayinlanadi. Ushbu muddat tugagandan keyin yana mahallaga murojaat qilib nafaqa olish mumkin.

Bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa 434 000 so‘m miqdorida 12 oy muddatga tayinlanadi va to‘lanadi, biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerak. Bola ikki yoshga to‘lgandan keyin, nafaqaga ehtiyoj bo‘lsa, bolali oilalarga beriladigan nafaqani olish uchun hujjat topshirish kerak.

Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam puli oilaning moddiy va mulkiy ahvoliga qarab, 326 000 so‘mdan 653 000 so‘mgacha tayinlanadi va to‘lanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam 434 000 so‘mdan 1 085 000 so‘mgacha tayinlanadi.

Nafaqa har oyning 5 sanasidan 25 sanasiga qadar to‘lanadi.

Nafaqa va moddiy yordam to‘lash qanday hollarda to’xtatiladi?

Nafaqa va moddiy yordam to‘lash quyidagi holatlarda to‘xtatilishi kerak:

  • to‘lovning muddati tugagan;
  • bolali oilalarga nafaqa bola 14 yoshga to‘lganda va bola parvarishi bo‘yicha nafaqa bola 2 yoshga to‘lganda;
  • bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ona ishga chiqqanda;
  • doimiy yashash joyi o‘zgarganda;
  • oilaning ushbu to‘lovlarga ehtiyojmandligi yo‘qligidan dalolat beruvchi holatlar aniqlanganda;
  • tegishli to‘lovlarni tayinlash to‘g‘risida chiqarilgan qarorga ta’sir ko‘rsatgan buzilgan va ishonchsiz ma’lumotlar aniqlangan hollarda to‘xtatiladi. Ushbu holatda asossiz to‘langan mablag‘ qaytarilishi kerak.

Manba:

“Ishlovchi onalarga bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom

“Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4555-son qarori. 30.12.2019-y. 

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications