Skip to main content

KAMSITMAYDIGAN TIL – HUQUQIY MADANIYAT SARI MUSTAHKAM QADAM

Qonunchiligimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish borasida yetarlicha huquqiy asoslar yaratilgan. Ammo ular bilan muloqotda nafaqat huquqiy jihatdan to‘g‘ri yonashuv, balki to‘g‘ri muloqot texnikasini ham tanlay bilish zarur. Bu qoidalarga rioya qilish suhbat jarayonida har ikki tomonga qulay his etilish, teng huquqlilik kayfiyatini taqdim etadi. 

* * * 

“Inson har qanday qiyinchilikni yenga oladi, mashaqqatlarga qaramay oldinga intiladi. Agar buning uchun chin dildan xohish bo‘lsa, bas”. Bu fikrning qanchalik haq ekanligiga uni birinchi bor ko‘rganimda amin bo‘lgandim. Auditoriyaga kirgan odam borki, birinchi partada o‘tirgan qizga ajablanib qarardi. Barcha diqqat-e’tiborini qo‘lida tutgan bigiz va daftariga qaratgan bu qizning yagona maqsadi ko‘z oldidagi zulmatni bilim nuri bilan yengish ekanligini keyinchalik tushunib yetdik.

Feruza (uning ismi shunday edi) o‘zi bilan muomala qilishda ehtiyotkorroq bo‘lishga intilayotganlarga hazil-mutoyibalari bilan ko‘p yordam berib turardi. Biz esa, aksincha, ehtiyotkorlikka intilganimiz sari yana xatolikka yo‘l qo‘yaverardik.

“Menga sog‘lom odamdek muomala qila qoling!” – Ko‘rish baxtidan bir umrga mosuvo bo‘lgan, biroq ko‘nglidagi bardoshi toshni ham mulzam qiladigan yoshgina qizning o‘zini tutishi va gap-so‘zlaridan shu da’vatni sezish qiyin emasdi.

Amerikalik Karen Meyer tomonidan tuzilgan qoidalarni o‘qir ekanman, bularni har bir inson bilishi kerak degan xulosaga keldim. Hurmatli o‘quvchi, mutolaadan keyingi xulosangiz ham xuddi shunday yangrar. Biz bunga ishonamiz, chunki insonning dunyodagi eng ezgu maqsadi – ko‘ngilni asrash, unga ozor yetkazmaslikdan iborat. Bu borada jismoniy imkoniyatlari sizdan farqliroq odamlar ham hamma bilan barobardirlar.

Demak, siz:

* Nogironligi bo‘lgan odam bilan gaplashsangiz, suhbatni kuzatib turgan shaxs yoki surdotarjimonga emas, balki bevosita uning o‘ziga murojaat qiling.

* Nogironligi bo‘lgan odam bilan tanishsangiz, qo‘lini siqib qo‘yish mutlaqo tabiiy hol. Hattoki qo‘l harakatida qiyinchiligi bo‘lgan yoki protezdan foydalanadigan odamlarning ham qo‘lini – o‘ng yoki chap qo‘lidan qat’i nazar – siqib qo‘yish mumkin.

* Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan odam bilan uchrashsangiz, albatta, o‘zingizni va siz bilan kelgan odamni taniting. Agar guruhda umumiy suhbat olib borayotgan bo‘lsangiz, ayni damda kimga murojaat qilayotganingizni aniqlashtiring va o‘zingizni tanitishni unutmang.

* Yordamingizni taklif qilsangiz, qabul qilishlarini kuting, keyin esa odob bilan ko‘rsating.

* Kattalar bilan kattalardek muomalada bo‘ling. Boshqalarga nisbatan bunday betakalluflik namoyish qilinganda, nogironligi bo‘lgan odamga ismi bilan murojaat qiling. Hech qachon nogironlik aravachasidan foydalanadigan odamlarga homiylikni namoyish etmang — uning boshi yoki yelkasiga qo‘lingizni qo‘ymang, kichraytiruvchi ism-shariflar bilan murojaat qilmang.

* Hech qachon nogironlik aravachasiga suyanmang yoki osilmang — bu go‘yo uning egasiga suyanish yoki osilish bilan barobar bo‘lib, odamni xafa qiladi. Aravacha, kreslo – undan foydalanayotgan odamning daxlsiz makonining bir qismidir.

* Muloqotda qiyinchilikni his qiladigan odam bilan gaplashayotganingizda, uni diqqat bilan tinglang. Bardoshli bo‘ling, suhbatdoshingizning o‘z jumlasini tugatishini kuting. Uni to‘g‘rilamang va uning uchun gapini tugallamang. Agar bu zarur bo‘lsa, qisqa javoblar, bosh irg‘ash yoki ishora talab qiladigan savollar bering. Siz hammasini tushungan bo‘lib muhokama qilmang, agar aslida bunday bo‘lmasa. Nimani tushunganingizni takrorlang — bu unga sizni to‘g‘ri anglashga, sizga esa uni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

* Nogironlik aravachasi yoki hassadan foydalanuvchi odam bilan gaplashsangiz, shunday joylashingki, sizning va uning ko‘zlari bir darajada bo‘lsin — bu muloqotni osonlashtiradi.

* Yaxshi eshitmaydigan odamning diqqatini tortmoqchi bo‘lsangiz, unga qo‘l silkiting yoki yelkasiga yengil uring. Uning ko‘ziga tik qarang va aniq so‘zlang. Barcha eshitmaydigan odamlar labdan o‘qiy olmaydi. Labdan o‘qiydiganlar bilan gaplashayotganda, yuzingizga yorug‘lik tushadigan va yaxshi ko‘rinadigan joyga joylashing, yuzingizni to‘sadigan narsalarga (sigareta, qo‘l, ovqat) yo‘l qo‘ymang.

* O‘zingizni erkin tuting. Agar tasodifan bu gapni aytishingiz kerak bo‘lmagan odamga “Ko‘rishamiz” yoki “Bu haqda eshitdingizmi?” deb yuborsangiz, uyalib ketmang.

* Har qanday yordamchi uskuna (hassa, nogironlik aravachasi, qo‘ltiqtayoq va h.k.) – bu kimningdir mulki, uni hurmat qilish lozim. Uni almashtirmang, ruxsatsiz tegmang.

* Har doim nogironligi bo‘lgan odamga, hattoki uni kimdir kuzatib kelgan bo‘lsa-da, bevosita murojaat qiling.

* Diqqat-e’tiborni odamning nogironligiga emas, uning o‘ziga yoki siz muhokama qilayotgan masalaga qarating.

* Agar nima qilishni bilmayotgan bo‘lsangiz, nima qilishni so‘rang. Ko‘pgina odamlar noqulay vaziyatga tushib qolishdan ko‘ra savolga javob berishni afzal ko‘radilar.

* Nogironligi bo‘lgan odamga qanday murojaat qilish to‘g‘risida ikkilanmang. Barcha odamlarning, nogironligi bo‘lmagan va bo‘lganlarning ham ismi bor.

* Nogironligi bo‘lgan odamlarga ham boshqalar kabi o‘sha mavzular va syujetlar qiziqarli ekanini unutmang.

* Me’yoriy ohang va tilda gapiring. Agar kimdadir sizning balandroq ovozda gapirishingizni so‘rashsa, shundagina ovozingizni ko‘tarishingiz mumkin.

* Nogironligi bo‘lgan odamlar hamma boshqalar kabi o‘zlari nimani istashlari, ularga nima yoqishi, nima qila olishlari yoki qila olmasliklarini yaxshi bilishlarini yodda tuting.

* Nogironligi bo‘lgan bolalar jamiyat hayotida ishtirok etishni istaydilar. Sizning munosabatingiz bunga to‘sqinlik qilmayotganiga ishonch hosil qiling.

Odob-axloq qoidalari masalalarida har qanday hodisada bo‘lgani kabi xatoga yo‘l qo‘ysangiz, xatongizni tuzating, o‘zingiz uchun xulosa chiqaring va davom eting.

Dildora Raxmonova
Toshkent davlat yuridik universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD

Categories: Ilmiy maqolalar