Kapital bozorini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi

“Kapital bozorini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi

Farmon bilan Kapital bozorini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib, jumladan, quyidagilar belgilandi:

➖ kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023-yil yakuniga qadar 45 trln soʻmga yetkazish, bank tomonidan kreditlashga muqobil boʻlgan samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratish;
➖ kapital bozorini tartibga solishning yaxlitligini va tizimli tavakkalchiliklarning oldini olishni taʼminlovchi qonunchilik bazasini yaratish;
➖ minoritar investorlar, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlarining bilimlari, koʻnikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirishni qoʻllab-quvvatlash dasturlari doirasida 2023-yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholini qamrab olish.

Farmonga koʻra, 2021–2023-yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturi hamda uni amalga oshirish natijasida erishiladigan maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi.

Erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlarning umumiy hajmini yalpi ichki mahsulotning kamida 5 foiziga yetkazish Dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi.

2023-yil 1-yanvardan mahalliy emitentlar oʻz aksiyalarini dastlab respublika fond birjasida joylashtirgandan soʻng anderrayter tavsiyasiga koʻra xorijiy fond bozorlarida joylashtirishi mumkin.

Ommaviy savdolar orqali aksiyalarni IPO yoki SPO usulida joylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi.

2021-yil 1-noyabrga qadar “Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi” DUK hisob raqamlari Markaziy bankka oʻtkaziladi.

Farmonga koʻra, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari hamda noiqtisodiy yoʻnalishdagi oliy taʼlim tashkilotlari talabalari uchun “Moliyaviy savodxonlik” oʻquv kursi fan sifatida joriy etiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications