Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha hududiy kengashlar tashkil etiladi

“Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–4939-son, 31.12.2020-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga koʻra, Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori takomillashtiriladi.

Klassifikator, jumladan, taʼlimning eng past darajasiga qoʻyiladigan talablarni bekor qilgan holda har bir lavozim va kasb boʻyicha malaka doirasiga muvofiq malaka darajasiga talablar kiritilishini nazarda tutadi. 

Talablar tegishli lavozim (kasb)ning malaka darajasidan kelib chiqqan holda ish beruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi.

Qarorga koʻra, Prezident va Vazirlar Mahkamasiga hisobdor boʻlgan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha kengash hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha hududiy kengashlar tashkil etiladi. 

Masʼul vazirlik va idoralarda ularning umumiy shtat birliklari soni doirasida mehnatga haq toʻlash sharoiti boʻyicha mustaqil boʻlim boshligʻiga tenglashtirilgan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashi kotibi lavozimi kiritiladi.

Qaror bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika bandlik va mehnat muhofazasi ilmiy markazi vazirlik huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti etib qayta tashkil etildi. 

2021-yil 1-aprelgacha “profstandart.uz” kasbiy standartlarning yagona ochiq portali ishlab chiqiladi. 

2021/2022 oʻquv yilidan:

— oliy taʼlim muassasalarida amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish maqsadida dual taʼlim tizimi joriy etilishi;

— dual taʼlim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan oʻquvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga muvofiq ish haqi toʻlanishi mumkin.

— 2021-yil 1-apreldan yangi kasbiy standart qabul qilinganda yoki amaldagilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganda, tasarrufida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar navbatdagi oʻquv yili boshlanishidan oldin taʼlim tashkilotlarining tegishli taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish, shuningdek, professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirishni tashkil etadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications