Koʻp bolali oilalarga uy-joy ajratishda 16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari boʻlishi talabi bekor qilindi

“Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yana-da qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotida koʻp bolali oila tushunchasining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, jumladan:

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritilib, koʻp bolali oilalarga uy-joy ajratishda 16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari boʻlishi lozimligi talabi bekor qilindi.

Qishloq joylardagi kam taʼminlangan va koʻp bolali oilalarga qoramolni bepul berish shartlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, koʻp bolali oilalarga bepul qoramol berilishida voyaga yetmagan besh nafar va undan ortiq bolalari boʻlishi lozimligi talabi bekor qilindi.

Eslatib oʻtamiz, Oila kodeksiga muvofiq toʻrt nafar va undan ortiq 18 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oila koʻp bolali hisoblanadi. Agar toʻrt nafar va undan ortiq bolalaridan 1 nafari yoki undan koʻprogʻi taʼlimning kunduzgi shaklida (oʻrta maxsus va kasb-hunar, oliy taʼlim) taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotgan hamda 22 yoshga toʻlmagan boʻlsa, bu oila ham koʻp bolali oila hisoblanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications