
KONSIGNATSIYA SHARTNOMASINING FUQAROLIK-HUQUQIY TARTIBGA SOLINISHI
Nuriddin Shermatov
Fuqarolik huquqi kafedrasi o’qituvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti
O‘zbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyoti tamoyillari mustahkamlanishi va fuqarolik-huquqiy munosabatlarning rivojlanishi bilan konsignatsiya shartnomasi kabi huquqiy institutlarning ahamiyati tobora ortmoqda. Konsignatsiya shartnomasi savdo va tadbirkorlik faoliyatida muhim o‘rin tutib, tovarlarni realizatsiya qilish jarayonida vositachilik munosabatlarini tartibga solishga xizmat qiladi. Ushbu shartnoma turi fuqarolik qonunchiligida alohida e’tibor talab qiladigan maxsus shartnoma sifatida qaraladi, chunki uning predmeti, subyektlari va huquqiy oqibatlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ushbu shartnoma orqali konsignant tovarni konsignatarga topshiradi, konsignatar esa uni sotish majburiyatini oladi, bu esa iqtisodiy munosabatlarning o‘ziga xos shaklini vujudga keltiradi. Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida konsignatsiya shartnomasi alohida shartnoma turi sifatida maxsus tartibga solinmagan, bu esa ushbu sohada huquqiy noaniqlik va amaliy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
O‘zbekiston fuqarolik qonunchiligida konsignatsiya shartnomasiga oid maxsus normalarning yo‘qligi ushbu shartnomaning umumiy shartnomaviy majburiyatlar (FKning 353-moddasi va undan keyingi moddalar) yoki xalqaro savdo odatlari, masalan, Vena konvensiyasi (1980-yilgi Tovarlar xalqaro oldi-sotdi shartnomalari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasi) asosida qo‘llanilishiga olib keladi. Amaliyotda bu holat shartnoma tomonlari o‘rtasida nizolarni hal qilish, huquq va majburiyatlarni aniqlashda qiyinchiliklar tug‘diradi. Shu sababli, konsignatsiya shartnomasining fuqarolik-huquqiy tartibga solinishi masalasini o‘rganish va milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda.
Konsignatsiya shartnomasining fuqarolik-huquqiy tartibga solinishi mavzusining dolzarbligi nafaqat O‘zbekistonning ichki bozoridagi savdo munosabatlarining rivojlanishi, balki xalqaro savdo amaliyotidagi integratsiya jarayonlari bilan ham bog‘liq. Xorijiy mamlakatlar tajribasi, xususan, Germaniya, Rossiya, AQSh va boshqa rivojlangan davlatlarning fuqarolik qonunchiligida konsignatsiya shartnomasiga oid normalarni o‘rganish O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish uchun muhim manba hisoblanadi.
Konsignatsiya shartnomasi shunday shartnoma turlaridan biriki, u tovarlarni realizatsiya qilish, risklarni boshqarish hamda savdo aylanmasini faollashtirish vositasi sifatida keng qo‘llaniladi. Uning huquqiy mohiyati, shakli va vazifalari fuqarolik muomalasining ajralmas qismi sifatida maydonga chiqadi. Konsignatsiya shartnomasi fuqarolik huquqidagi shartnomalar tizimida alohida o’rin tutadi, chunki u ishonchli mulkchilik va savdo-vositachilik munosabatlarini o’zida mujassam etadi. Konsignatsiya (lotincha consignatio – yozma dalil) — tovarlarni vositachilar (konsignatorlar)ning omborxonalari orqali sotish shakli hisoblanadi. Konsignatsiya tovarlarni vositachi orqali sotish variantlaridan biridir. Yuridik adabiyotlarda konsignatsiya shartnomasi bo’yicha uchta nuqtai nazariya shakllangan bo’lib, ular quyidagilardir:
Birinchi nuqtai nazarga ko’ra:
- Konsignatsiya shartnomasiga vositachilik shartnomasining bir turi sifatida qaraladi.
- Ikkinchi nuqtai nazarga amal qiluvchi mualliflarning fikricha, konsignatsiya shartnomasi har qanday savdo vakillik shartnomalarining bir turi, ya’ni agentlik shartnomasi, komissiya shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi bo’lishi mumkin.
- Uchinchi nuqtai nazar tarafdorlari konsignatsiya shartnomasiga katta ahamiyat berishadi. Konsignatsiya shartnomasi komissiya shartnomasi bilan bir qatorda agentlik shartnomasining bir turi deb ham hisoblanadi.
Konsignatsiya shartnomasining tarixiy rivojlanishi ham uning zamonaviy shakllarini tushunishda muhim ahamiyatga ega. Konsignatsiya shartnomasi o‘z ildizlarini Rim huquqidagi ishonchli mulkchilik institutlaridan oladi, unda tovarlar bir shaxs tomonidan boshqasiga sotish maqsadida topshirilgan, lekin mulk huquqi topshiruvchida saqlanib qolgan. O‘rta asrlarda Yevropa savdo munosabatlarida konsignatsiya shartnomasi yanada rivojlanib, savdo karvonlari va xalqaro savdo operatsiyalarida keng qo‘llanilgan. Zamonaviy davrda konsignatsiya shartnomasi global iqtisodiyotning rivojlanishi bilan birga yanada murakkab shakllarga ega bo‘ldi, xususan, elektron tijorat va xalqaro logistika tizimlarida qo‘llanilishi kengaydi. Konsignatsiya shartnomasi — iqtisodiy-huquqiy muomalada o‘ziga xos o‘rin tutuvchi, vositachilik mexanizmlariga asoslangan va ayni vaqtda mulkiy huquqlarning noan’anaviy harakati bilan ajralib turadigan shartnoma turidir. Ushbu shartnoma vositasida mulk egasi o‘z tovarini uchinchi shaxslarga sotish maqsadida, lekin bevosita egasining nomidan bo‘lmagan tarzda, vaqtincha boshqa shaxsga (konsignatorga) topshiradi. Bu esa ushbu shartnomani boshqa turdosh
fuqarolik-huquqiy bitimlardan ajratib turuvchi huquqiy elementlarni yuzaga keltiradi. Konsignatsiya shartnomasining huquqiy mohiyatini to‘laqonli anglash uchun, eng avvalo, uning tuzilishini tashkil etuvchi asosiy elementlarni aniqlab olish lozim. Bu elementlar har qanday fuqarolik-huquqiy shartnoma uchun xos bo‘lgan asosiy tushunchalarni — ya’ni shartnoma subyektlari (tomonlari), shartnoma obyekti, mazmuni (shartlari), shakli va javobgarlik doirasini qamrab oladi. Ushbu elementlarning o‘zaro bog‘liqligi va ularga xos xususiyatlar konsignatsiya shartnomasining amaliy va nazariy jihatdan qanday o‘rin tutishini ko‘rsatib beradi. Fuqarolik huquqi tizimida har bir shartnomaning o‘ziga xos elementlari mavjud bo‘lib, ular orqali har bir shartnomaning huquqiy mohiyati va amaliy vazifasi aniqlanadi. Konsignatsiya shartnomasi ham boshqa shartnomalar kabi istisno emas. Uni to‘g‘ri talqin qilish va amalda qo‘llash uchun, avvalo, uning asosiy elementlarini — ya’ni subyektlarini (tomonlarini), obyektini (tovar), mazmunan shartlarini, tuzilish shakli va javobgarlik doirasini tahlil qilish muhimdir. Bu orqali biz, amalda mavjud bo’lmagan ya’ni, ushbu shartnomaning tuzilmasi, prinsplari qonunchilik doirasida to’liq tartibga solinmagan ushbu shartnomani uning elementlari orqali boshqa shartnomalardan farqlash imkoniga ega bo’lamiz. Mazkur elementlar konsignatsiya shartnomasining boshqa fuqarolik-huquqiy shartnomalaridan farqli jihatlarini aniqlashga ham asos yaratadi. Chunki bu shartnoma o‘zining o‘ziga xos huquqiy konstruksiyasi bilan, xususan, mulk huquqining sotuv amalga oshmaguncha konsignantda saqlanishi, shartnoma asosida kelib chiqadigan ishonchli munosabatlar va vositachilik xususiyatlari, javobgarlik doirasi, omonat saqlashi, muddati, sug’urtasi bilan ajralib turadi.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida konsignatsiya shartnomasi alohida tur sifatida bevosita tartibga solinmagani, amaliyotda uni boshqa shunga o‘xshash shartnomalar bilan chalkashtirish holatlarini yuzaga keltiradi. Shu bois, konsignatsiya shartnomasining elementlarini batafsil ko‘rib chiqish va ularni boshqa shartnoma turlari — masalan, vositachilik, topshiriq yoki oddiy oldi-sotdi shartnomalari bilan solishtirish orqali farqlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ammo, ularni bevosita bir-biriga tenglashtirish mumkin emas, chunki har bir shartnomaning huquqiy mexanizmlari va tomonlar o’rtasidagi majburiyatlar farqlidir. Avvalo, shuni ham qo’shimcha sifatida aytib o’tishimiz kerakki, konsignatsiya shartnomasi o’zida oldi-sotdi, vositachilik, topshiriq va omonat saqlash kabi shartnoma elementlarini o’z ichiga olgan aralash shartnoma sifatida ham e’tirof etiladi. Fuqarolik kodeksining 354-moddasi bilan aytganda, konsignatsiya shartnomasi “nomlanmagan” shartnomalar toifasiga kiradi.[1] Shu boisdan, biz ushbu bizga berilgan ishda shartnomalarning farqli va o’xshash jihatlarini o’rganishga qaror qildik. Farqli jihatlarni yoritishdan oldin, konsignatsiya shartnomasining o’ziga xos xususiyatlariga to’xtalib o’tsak,
–Tovarlarga bo’lgan mulk huquqining konsignantda saqlanib qolishi;
Bu shuni anglatadi-ki, konsignator (ya’ni tovarni sotuvchi shaxs yoki tashkilot) tovarni sotish uchun olgan bo‘lsa ham, u tovarlarga egalik qilmaydi. Tovarlar hali sotilmagan bo‘lsa, ular konsignantga (ya’ni asl egasiga) tegishli bo‘lib qolaveradi. Faqatgina tovar sotilgandan so‘nggina, undan tushgan pul orqali
hisob-kitob qilinadi. Masalan, deylik bir fermer o‘zining mevalarini do‘konga xaridorlarga sotish uchun topshiradi. Do‘kon bu mevalarni sotadi, lekin ular sotilmaguncha, mulkchilik huquqi fermerda qoladi. Bu — ishonch asosidagi savdoning asosiy belgisidir.
–Sotilmagan tovarlarning konsignantga qaytarilishi;
Agar konsignator topshirilgan tovarlarning hammasini sota olmasa, ularni konsignantga qaytarishga majbur. Bunda hech qanday javobgarlik yoki shartnomaviy jarima bo‘lmaydi (agar alohida shartnomada belgilanmagan bo‘lsa). Bu holatda konsignator hech qanday moliyaviy zarar ko‘rmaydi, faqatgina sotilgan tovarlar uchun foyda oladi. Yuqoridagi fermer misolida, agar do‘kon mevalarning bir qismini sota olmay qolsa, ularni egasiga — fermerga qaytaradi. Bu holat har ikki tomon uchun xavfsiz savdo muhitini yaratadi.
–Konsignatorning tovarlarni oʻz nomidan sotishi;
Konsignator odatda tovarlarni o‘z nomidan xaridorga taklif qiladi. Xaridor odatda konsignant haqida hech narsa bilmaydi ham. Konsignator esa sotuv amalga oshgach, tushgan mablag‘ni konsignantga o‘tkazadi (yoki avvaldan kelishilgan foizni ushlab qoladi).
–Risk va javobgarlik taqsimlanishi oʻziga xoslik kasb etadi.
Bu yerda muhim jihat shundaki: tovar hali sotilmagan paytda unga zarar yetgan bo‘lsa (masalan, buzilgan, o‘g‘irlangan yoki yaroqsiz holga kelgan bo‘lsa), kim javobgar bo‘lishi shartnomada aniqlanadi. Odatda, tovar konsignatorda saqlanayotganida omonat saqlash sifatida tovar uchun konsignator javobgar bo‘ladi, chunki u tovarni o‘zida saqlaydi. Ammo, ba’zan bu shartnomada boshqacha qoidalar ko‘rsatilishi ham mumkin — masalan, konsignant o‘zi riskni zimmasiga olishga rozi bo‘lishi mumkin. Bu esa, konsignatsiya shartnomasini boshqa odatiy savdo shartnomalaridan ajratib turadi, chunki odatda mulkni olgan tomon unga to‘liq javobgar bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda konsignatsiya shartnomasi — bu har ikki tomon uchun xavfsiz va ishonchga asoslangan savdo shakli bo‘lib, mulkni sotishdan oldin to‘liq o‘tkazmasdan turib savdo qilish imkonini beradi. Bu model ayniqsa chakana savdoda, sanoatda yoki kichik ishlab chiqaruvchilarda keng qo‘llaniladi.[2] Endi, konsignatsiya shartnomasini oldi-sotdi shartnomasi, omonat saqlash, vositachilik, topshiriq shartnomasi bilan taqqoslaydigan bo’lsak:
Taqqoslama jadvali
Taqqoslash me’zoni | Konsignatsiya shartnomasi | Oldi-sotdi shartnomasi | Omonat saqlash shartnomasi | Vositachilik shartnomasi | Topshiriq shartnomasi |
Huquq o’tishi | Mulk huquqi konsignantda qoladi | Mulk huquqi sotuvchidan xaridorga oʻtadi | Huquq o‘tmaydi, saqlovchiga faqat foydalanish huquqi beriladi | Mulk huquqi oʻtishi mumkin | Huquq faqat topshiriq doirasida vakolat sifatida beriladi |
Haq to’lash tartibi | Tovar sotilgandan keyingina haq toʻlanadi | Tovar topshirilishi bilan haq toʻlanadi | Odatda bepul, lekin xizmat uchun to‘lov bo‘lishi mumkin | Belgilangan vositachilik haqi | Belgilangan topshiriq haqi |
Sotilmagan tovar taqdiri | Konsignantga qaytariladi | Sotuvchida qoladi | Mijozga qaytariladi | Vositachida tovar bo‘lmaydi | Tovar mijozga tegishli, topshiriqdan so‘ng qaytariladi |
Shartnoma predmeti | Tovarni sotish xizmatini koʻrsatish | Tovarni mulk qilib topshirish | Boshqaning mol-mulkini saqlab berish | Bitim tuzishda vositachilik qilish | Boshqaning nomidan huquqiy harakatlar qilish |
Maqsadi | Tovarni sotish | Tovarni egasiga o‘tkazish | Tovarni saqlash | Bitim tuzishda tomonlarni bog‘lash | Mijoz topshirig‘ini bajarish |
Mulkdan foydalanish | Tovarni tasarruf etish huquqi bor | Xaridor ixtiyorida | Tovarni tasarruf etish huquqi yoʻq | Foydalanish emas, vositachilik xizmat ko‘rsatadi | Faqat topshiriq doirasida foydalanuvchi |
Javobgarlik doirasi | Tovar yoʻqolishi va sotish majburiyati | Mulk nuqsoni, vaqtida topshirish | Faqat saqlash majburiyati | Vositachilikda noto‘g‘ri axborot uchun javobgar | Topshiriqni bajarmaslik yoki noto‘g‘ri bajarish uchun javobgar |
Tovarni saqlash | Majburiy | Xaridorga topshirilgunga qadar sotuvchi javobgar | Saqlovchi to‘liq javobgar | Majburiy emas | Topshiriqni bajarguncha javobgarlikda |
Mulkiy munosabat | Tovar konsignantniki | Sotuvchi va xaridor o‘rtasida | Egasi va saqlovchi o‘rtasida | Vosita ko‘rsatuvchi va buyurtmachi o‘rtasida | Mulkiy munosabat boʻlmasligi mumkin |
Shartnoma muddati | Odatda uzoq muddatli | Tovar topshirilganidan keyin tugaydi | Kelishilgan muddatgacha | Bitim tuzilgan vaqtgacha yoki natijaga erishguncha | Qisqa muddatli boʻlishi mumkin |
Hisobot berish | Sotilgan tovarlar boʻyicha doimiy | Talab qilinmaydi | Odatda kerak emas, lekin shartnomaga bog‘liq | Bitim natijasi haqida ma’lumot beradi | Topshiriq bajarilgandan soʻng |
Majburiyat hajmi | Aniq belgilangan tovarni sotish va topshirish | Tovarni topshirish va haqni olish | Tovarni asrash va qaytarish | Bitimga erishishga ko‘maklashish | Oʻzgaruvchan boʻlishi mumkin |
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, agar konsignatsiya shartnomasi mustaqil shartnoma turi sifatida O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik qonunchiligi tizimida o‘z ifodasini topsa, O‘zbekistonning bozor iqtisodiyoti va savdo tizimi o‘rtasida yanada mustahkam huquqiy va iqtisodiy aloqalar o‘rnatiladi. Shu bilan birga, konsignatsiya shartnomasini tartibga solish nafaqat ichki iqtisodiy faoliyatni, balki xalqaro savdo operatsiyalarini ham yanada takomillashtiradi, chunki bu shartnoma turi dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tizimida konsignatsiya shartnomasining o‘rni va huquqiy asoslarini aniqlash uchun ilmiy va amaliy izlanishlar zarur. Bu boradagi tadqiqotlar, avvalo, konsignatsiya shartnomasining iqtisodiy va huquqiy asoslarini chuqur tahlil qilishga, shuningdek, uning xalqaro tajribada qo‘llanishini o‘rganishga asoslanishi lozim. Shunday qilib, O‘zbekistonning fuqarolik qonunchiligini yanada takomillashtirish va bozor iqtisodiyotining samarali ishlashini ta’minlash uchun konsignatsiya shartnomasining huquqiy tartibini joriy etish zarurdir.
[1] https://yuristpro.uz/konsignatsiya-shartnomasi/
[2] Lina Jamilah, “Asas Kebebasan Berkontrak Dalam Perjanjian Baku”, Jurnal Syiar Hukum, Bandung, Vol.13 No.1, Bandung, 2012, pp.228.