
Kuryerlik xizmatlari faoliyati: zamonaviy elektron tijoratdagi asosiy qoidalar
I.Abdusattorov
Toshkent davlat yuridik universiteti, bo‘lim boshlig‘i
So‘nggi yillarda mamlakatimizda elektron tijorat jadal rivojlanib, aholining kundalik hayotida muhim o‘rin egallab bormoqda. Internet orqali buyurtma berish, turli xil tovarlarni xarid qilish va ularni tezkor yetkazib olish imkoniyati fuqarolarga qulaylik yaratib kelmoqda. Shu bilan birga, kurerlik xizmatining samarali faoliyat yuritishi, tovarlarni xavfsiz va sifatli tarzda xaridorga yetkazib berilishi muhim ahamiyatga ega.
Yaqinda qabul qilingan “Elektron tijoratda kurerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil
18-iyunda 3631-son ro‘yxat raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) ushbu sohada yagona qoidalarni belgilab berdi. Mazkur hujjatda elektron tijorat operatori, kurer, yetkazib berish xizmati operatori, xaridor va sotuvchi tushunchalari aniq ifodalanib, ularning huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yildi.
Eng asosiy jihatlardan biri shundaki, xaridor buyurtmani rasmiylashtirish paytida yetkazib berishning barcha shartlari – muddat, narx, usul va hudud haqida to‘liq axborot olishi shart. Shuningdek, kurerlik xizmatining ishonchliligi, o‘z vaqtida yetkazish, xavfsizlik va axborot shaffofligi tamoyillari ustuvor vazifa etib belgilandi.
Nizomga ko‘ra, yetkazib berish xizmati operatorlari xaridordan to‘lov qabul qilish huquqiga ega, ammo bu jarayonda nazorat-kassa texnikasidan foydalanish, chek yoki kvitantsiya berish majburiy hisoblanadi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda sanitariya va gigiena qoidalariga qat’iy amal qilinishi lozim. Xususan, xom va tayyor mahsulotlar, sovutilgan va issiq ovqatlar, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari alohida sharoitda tashilishi talab qilinadi. Bunday mahsulotlarni yetkazib berish jarayonida termokonteynerlar, maxsus termosumkalar hamda haroratni nazorat qilish vositalaridan foydalanish nazarda tutilgan.
Kurerlar o‘z navbatida qonunchilik hujjatlari, yo‘l harakati qoidalari va sanitariya normalariga rioya etishlari shart. Ular tovarning butligi va qadog‘ini saqlab qolish, belgilangan vaqtda yetkazish hamda xaridorning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmaslik majburiyatini oladilar. Shu bilan birga, ularga buyurtmani bajarishda hayot va sog‘liq uchun xavf tug‘ilganda yoki mahsulot qonun talablariga javob bermaganda yetkazib berishdan bosh tortish huquqi beriladi.
Nizomda kurerlarning majburiyatlari qatorida maxsus kiyim-bosh va belgilovchi vositalardan foydalanish, xavfsizlikni ta’minlash, xizmat jarayonida yuzaga kelgan muammolar to‘g‘risida operatorni darhol xabardor qilish kabi masalalar ham belgilangan. Shuningdek, ular mast holatda xizmat ko‘rsatish, tovar qadog‘ini o‘zboshimchalik bilan ochish yoki xaridordan ortiqcha haq talab qilish kabi harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega emas.
Yakuniy qoidalarga ko‘ra, elektron tijoratda kurerlik xizmati bilan bog‘liq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi. Nizom talablarini buzgan shaxslar esa belgilangan javobgarlikka tortilishi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Nizom elektron tijoratda kurerlik xizmatini tartibga solish, xaridorlar huquqlarini himoya qilish, xizmat sifatini oshirish hamda bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni aniq va shaffof asosda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.