Maʼmuriy ishlar boʻyicha apellyatsiya muddati uzaytirildi

“Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Kiritilgan oʻzgartishlar bilan Maʼmuriy sud ishlarini yuritishda nazorat instansiyasi tugatildi.

Biznes ombudsmanga birinchi instansiya sudining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati taqdim qilish huquqi berildi.

Apellyatsiya shikoyati qaror qabul qilingandan bir oy muddatda berilishi mumkinligi belgilandi (ilgari bu muddat 20 kun edi).

Apellyatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish masalasini hal etishga oid ajrim haqida ishtirok etuvchi shaxslar 3 kunda xabardor qilinadi (ilgari xabardor qilish ajrim chiqarilgan kunda amalga oshirilgan).

Kassatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilinganidan 1 yilda berilishi mumkin (ilgari hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin bir oy ichida berilishi mumkin edi).

Shuningdek, manfaatdor shaxslar ishlarni kassatsiya tartibida takroran koʻrish toʻgʻrisida protest keltirish haqidagi ariza bilan Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning oʻrinbosarlariga murojaat qilishga haqli.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications