Mablag’ yo’q deb pensiya tayinlamaslik mumkinmi?

Sizga mablag’ yo’q degan bahona bilan pensiya tayinlashni rad etishyaptimi?

Pensiya jamg’armasi ham, Aholi bandligiga ko’maklashish markazi ham mablag’ yo’q degan bahona bilan arizangizni rad qilishi mumkin emas.

Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risidagi qonunining 14-moddasiga muvofiq imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi sizda mavjud.

Yuqoridagi qonunning 44-moddasiga ko’ra pensiya tayinlash Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining vakolatiga kiradi.

Shuningdek, 45-moddaning ikkinchi qismiga ko’ra Pensiya tayinlash rad etilgan taqdirda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi bo’limi tegishli qaror chiqarilganidan keyin besh kun ichida korxona, tashkilot yoki arizachiga pensiya tayinlash rad etilgani haqida rad etish sabablari va shikoyat berish tartibi ko’rsatilgan xabarnomani beradi yoki jo’natadi hamda ayni chog’da barcha hujjatlarni qaytaradi.

Agar sizga “Mablag’ yo’q deb pensiya tayinlamaslik” haqida og’izaki rad javobi berilsa, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risidagi qonuni 27-moddasiga zid
hisoblanadi.

Unga muvofiq, murojaatlarni ko’rib chiqish natijalariga ko’ra davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi.

Shunday ekan, Pensiya jamg’armasi tuman bo’limi sizning yozma murojaatingizni o’rganib chiqqan holda yozma ravishda javob berishi lozim.

Bunday vaziyatga tushib qolsangiz, dastlab Aholi bandligiga ko’maklashish markazi va Pensiya jamg’armasidan murojaatingiz yuzasidan yozma javob berishlarini talab qiling, so’ng ularning javobini olganingizdan keyin tuman prokuraturasiga murojaat qiling.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications