Yurt tinchligini ta`minlash, uning osoyishtaligi uchun har bir fuqaro mas`uldir. Avvalo, yurt, Vatanning mohiyati, uning kelib chiqishi oilaga so`ngra esa mahallaga borib taqaladi. Oilada tinchlik o`rnatish, uning xavfsizligini ta`minlash oiladagi barcha a`zolarning burchi hisoblanadi. Mahallaning osoyishtaligini ta`minlash, oilalarning o`zaro hamda oilalararo totuvligini mustahkamlash, ro`y beruvchi noxushliklarni oldini olish va bartaraf qilish mahalladagi har bir fuqaro hamda shu mahalla hududidagi mas`ul shaxslarning ijtimoiy vazifasiga kiradi.
Avvalo, har bir huquqbuzarlikni sodir etish sababini ochishdan ko`ra uning oldini olish ya`ni profilaktik jarayonlarni olib borish samarali natija beradi va huquqbuzarliklar ko`payish xavfini kamaytiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni yurtimizda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, profilaktik jarayonning tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik asoslarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Mahalladagi tinchlikni ta`minlash, profilaktik nazoratning barqarorligini yo`lga qo`yish, profilaktik tadbirlar o`tkazish mahalla profilaktika inspektorining vazifasiga kiradi. Lekin faqatgina profilaktika inspektori profilaktika uchun mas`ulmi?
Ushbu savolga javob topish uchun O`zbekiston Respublikasi 2014-yil 14-may O‘RQ-371-son “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi Qonuniga yuzlanish lozim. Ushbu qonunning 21-moddasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning huquqbuzarliklar profilaktikasidagi ishtiroki belgilab qo`yilgan.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:
huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
tegishli hududda jamoat tartibini ta’minlashda, shu jumladan fuqarolarning kelishi va ketishi hisobga olinishini tashkil etishda, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
Yuqorida keltirilgan birgina moddada fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish organlari ham aynan profilaktik harakatlarni olib borishda profilaktika inspektorlari bilan bir qatorda mas`ul hisoblanadi.
Mazkur fikrlarning isboti sifatida Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2021-yil 12-fevraldagi Ichki ishlar vazirligi hay’ati yig’ilishlaridagi nutqlarida profilaktika inspektorlariga hamda mahalladagi boshqa mas`ul shaxslarga nisbatan bildirgan fikrlarini keltirish mumkin.
Bu borada qo`yilgan dastlabki choralar natijasida o`tgan yili 4 ming 500 dan ziyod mahallada birorta ham jinoyat sodir bo`lmagan. Lekin, ko`p rahbarlar mahallaga tushib ishlamagani oqibatida ayrim mahallalarda jinoyat oshgani ko`rsatib o`tildi.
Demak, profilaktika masalasi muayyan hududda yashovchi barcha fuqarolarning, shu hududdagi mas`ul shaxslarning vazifasi qatoriga kiradi. Huquqbuzarliklarni oldini olish mahalladan boshlanar ekan yuqori bo`g`inlarga borgunga qadar masalaning hal qilinishi uchun dastlabki qadam tashlangan bo`ladi. Bu esa yurt tinchligi, qonunlar barqarorligini ta`minlashga qaratilgan ishlarning debochasi bo`ladi.
Toshpo`latova Xusnora Raxmonali qizi
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 2-kurs talabasi.