Markaziy osiyo xalqaro aloqalarining yangi davri: xavfsizlik va rivojlanish.

         

                                                                  Foto: vestikavkaza.ru

Bugungi kunda dunyoning yaxlit tuzilmaga aylanib ulgurganini isbotlash uchun faqatgina COVID-19 pandemiyasining barcha mamlakatlarga qanday ta’sir o’tkazganini ta’kidlashning o’zi kifoya. Endilikda, davlatlar bundan buyon “yopiqlik” siyosati bilan yashay olmaydi. Manfaatli va ikkitomonlama xalqaro aloqalar, avvalo, yaxshi qo’shnichilikdan boshlanadi. O’zbekiston Respublikasi ham qo’shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga har qachongidan ko’ra muhim ahamiyat berishni boshladi. Xo’sh, nima uchun qo’shni respublikalar bilan aloqlarni yaxshilash shunchalik muhim?

Birinchi navbatda, ushbu davlatlar geografik jihatdan bir mintaqada joylashgan hamda o’tmishda ko’p yillar davomida bir davlatni tashkil etgan, bundan tashqari O’zbekiston bilan birgalikda va bir xilda “sovetcha rivojlanish” tarixini bosib o’tishgan. Shu sababdan bu davlatlarning iqtisodiyoti bir-biriga ko’p tomonlama bog’liqdir. Ma’lumki, SSSR tarkibidagi O’rta Osiyo Respublikalarining har biri ma’lum bir sohaga moslashtirilgan. Ikki tomonlama aloqalar har bir davlatda mavjud bo’lgan iqtisodiy bo’shliqlarni to’ldirish imkonini beradi. Shu jihatdan olganda qo’shni davlatlar bilan aloqalarning yaxshilanishi ham siyosiy, ham iqtisodiy tomondan barcha taraflar uchun manfaatlidir.

O’zaro qardosh davlatlar o’rtasida 2000-yilllarda munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan harakatlar amalga oshirilgan, ammo bir qancha sabablar tufayli Markaziy Osiyo davlatlari interatsiyasi anchagina susayib qolgan edi. Markaziy Osiyoda integratsiyaning kuchayishida O’zbekistonning tashqi siyosati alohida ahamiyatga ega, chunki o’zaro manfaatli aloqalar va hududni rivojlantirishda mintaqa markazida joylashgan O’zbekistoning o’rni muhimdir. Biroq, oldingi yillarda O’zbekistoning tashqi siyosati faqatgina Markaziy Osiyoda xavfsizlik hamda barqarorlikni saqlash bilan bog’liq masalalar bilan cheklanib qolgan. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro aloqalar institutining Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi rahbari Irina Zvyagelskaya Islom Karimovni Tojikistonda boshlangan fuqarolar urushi butun Markaziy Osiyoda beqarorlik keltirib chiqarishidan saqlab qolgan deb hisoblaydi. Bundan tashqari “Jamestown” jamg’armasi tahlilchisi Margarita Asenova ham “O’zbekiston ishtirokisiz mintaqada xavfsizlikni ta’minlab bo’lmaydi” deb e’tirof etgan edi. Yuqorida keltirilganlarga qaramasdan, o’tgan 10 yilliklarda 5 ta chegaradosh mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalar va hamkorlik hozirgiga qaraganda ancha sust bo’lgan edi.

Ammo, tashqi siyosat 2016-yildan keyin keskin o’zgarishlarga uchradi.  Endilikda, O’zbekiston “o’zini tashqi dunyodan ihotalagan, yopiq post-sovet respublikasi” sifatida ko’rilmaydi. Hozirda, bir qancha siyosatsunosh olimlar va jurnalistlar Markaziy Osiyodagi xalqaro munosabatlarning yangi davri va hamkorlikda rivojlanish mintaqadagi har bir davlatga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusslari bilan amalga oshayotganini qayd etishmoqda. Negaki, Shavkat Mirziyoyev 2016-yildayoq vaqtinchalik Prezident sifatida qo’shni davlatlar bilan siyosatni tubdan o’zgartirishini ta’kidlab o’tgan edi. Turkiy xalqlar bilan keng aloqalarning rivojlanayotganining asosiy omili sifatida Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 3-sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirokini va 2019-yil 5-oktabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya forumi o‘tkazilganini aytishimiz mumkin. Shuningdek, 2019-yil 14-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. Turkiyaning Uludog‘ Universiteti tadqiqotchisi Erkan Avji tomonidan O‘zbekistonning Turkiy Kengashga a’zo bo’lishi Shavkat Mirziyoyev boshlagan tashqi dunyoga ochilish siyosatining samarasi sifatida e’tirof etildi. Aholi soni bo’yicha turkiy davlatlar orasida oldingi o’rinlarda turadigan davlatsiz Kengash tarkibi to’liq bo’la olmas edi, shu boisdan O’zbeksitonning ushbu Kengashga qo’shilishi yaxshi kutib olindi. Bu kabi e’tiroflar mamlakatning xalqaro imidjini, albatta, yaxshi tomonga o’zgartirdi. Chunki, bundan oldingi yillarda ko’pgina siyosatshunos olimlar, xususan, Bernardo Teles Fazendeyro O’zbekistoning 2016-yilgacha bo’lgan davrdagi tashqi siyosatini o’z-o’ziga tayanish va yevroosiyo, turkiy xalqlar birdamligi g’oyalarini rad etish deb baholardi.

Foto: Cabar.Asia

Shuni ta’kidlab o’tishimiz lozimki, so’nggi yillarda yuritilayotgan tashqi siyosat qo’shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o’ynadi.  2000 – yillar o’rtalarida Qozog’iston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo Ittifoqi O’zbekiston tomonidan qo’llab quvvatlanmagan bo’lsa-da, ushbu ikki davlat tashqi munosabatlarda doimo “Vestfal normalar” amal qilgan holda ikki tomonlama hamkorlik qilib kelgan.[1] So’nggi yillarda Qozog’iston bilan munosabatlar yanada rivojlanib, yangi bosqichga kirganini ta’kidlab o’tish o’rinlidir. Buning isboti sifatida Shavkat Mirziyoyevning Qozog’istonga 2018-yilning o’zidayoq 4 marotaba tashrif buyurganini aytishimiz mumkin. Ikkala davlat o‘rtasida 2017 — 2019 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi qabul qilindi. Ushbu yilda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlament Senati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan. Shu bilan birgalikda, ushbu ikki davlat xalqaro maydonda ham bir-birini qo’llab quvvatlovchi ishonchli ittifoqchilarga aylandi deb hisoblash mumkin. Jumladan, O’zbekiston va Qozog’iston uchinchi mamlakatlar uchun yagona kirish vizasini joriy etish, hamda keyinchalik boshqa davlatlarni qo’shilishga taklif qilish kabi masalalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Qozog‘istonning 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashiga muvaqqat a’zolikka saylanishini qo‘llab-quvvatladi.

Oxirgi yillarda Qirgiziston bilan chegara hamda boshqa masalalarga oid bahsli masalalar hal etildi, bungacha davlatlar o’rtasida bir necha bor, xususan, 2010-yilda nizolar kelib chiqqan edi. Ta’kidlash joizki, ushbu davlat bilan munosabatlar har qachongidan ko’ra yaxshilandi. Ushbu faktni Qirg’istonning 2017-yildagi bosh vaziri Sapar Isakov Bishkekda bo’lib o’tgan uchrashuvda “Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiyot, madaniyat, gumanitar va chegara masalalarida hamkorlik bo‘yicha katta qadam tashladi va ikki tomonlama aloqalar tarixini o’zgartirdi” deb ta’kidlab o’tganida ko’rishimiz mumkin. Bugungi kunda O’zbekiston fuqarolari Qozog’iston va Tojikiston bilan birgalikda Qirg’izistonga vizasiz borishlari mumkin, bu qadimdan tarixiy ildizlari bir bo’lgan xalqlar uchun ushbu davlatlarga sayohat qilish uchun juda qulaydir.

Tojikiston bilan munosabatlarda o’tgan davrlarda jiddiy muammolar mavjud bo’lmagan bo’lsa-da, “ROG’UN” GESi qurilishi sababli paydo bo’lgan “sovuq munosabatlar” yaxshilandi. Jumladan, 2017-yil dekabrda ikki davlat Qonun chiqaruvchi idoralar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Tojikiston Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo guruhi tuzildi. 2018-yilda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O’zbekistonga tashrifi chog’ida “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi. Tantanali marosimda Emomali Rahmon “Hurmatli Shavkat Miromonovich, sizning birgina tarixiy tashrifingiz, ulkan siyosiy qat’iyatingiz sabab o’tgan 25 yil orasida erishilmagan barcha muammolarni hal etganingiz uchun, aslida men sizni taqdirlashim kerak edi. Siz mukofotga loyiqsiz, men buni hisobga olib qo’yaman” deb ta’kidlab o’tdi. Davlat rahbarlarining ushbu uchrashuvida o’tgan yillarda tomonlar o’rtasida ko’plab munozaralarga sabab bo’lgan masala, ya’ni Zarafshon daryosining Tojikiston hududidagi qismida gidroelektrostansiya qurilishiga ham to’xtalib o’tildi va Tojikiston Prezidenti “tojikistonliklar hech qachon o’zbek birodarlarini suvsiz qoldirmaydi” hamda bu masalada hech qanday kelishmovchiliklar bo’lmasligini aytib o’tdi. Dushanbe va Toshkent oʻrtasidagi deyarli 25 yil toʻxtab qolgan havo qatnovi qayta yoʻlga qoʻyildi.

Turkmaniston bilan aloqalar Gurbanguli Berdimuhammedov prezidentligining dastlabki yillaridanoq do’stona ruhda bo’lgan. Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatidagi ilk xorijiy tashrifini O‘zbekiston tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik siyosatining ifodasi o’laroq Turkmanistonga borishdan boshlagan edi. Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning o’zidayoq Turkmanistonga uch marotaba davlat tashrif bilan bordi.  Erishilgan kelishuvlar natijasida ikki mamlakat o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlar jadal sur’atlarda rivojlandi, O‘zbekiston va Turkmanistonda savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar tuzildi. Ushbu ikki davlat o’zaro do’stlik, ishonchni mustahkamlash va borasida bir xil pozitsiyaga ega.

Turkmaniston bilan, shuningdek, Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2019-yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Shuni aytib o’tishimiz lozimki, Turkmaniston O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatlarning bunday do’stona ruhdagi hamkorligi mintaqada tinchlik va Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlashning asosiy omilidir.

Bundan tashqari shu yilda Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini tashkil etishni taklif etgan edi va birinchi uchrashuv 2018-yilda o’tkazildi. Ostona shahrida bo’lib o’tgan birinchi maslahat uchrashuvi Markaziy Osiyo tarixida yangi davrni boshlab berdi deb ayta olamiz, chunki ushbu uchrashuvdan keyin yillar davomida to’planib qolgan mintaqaviy mojarolar uchinchi tomonlarning ishtirokisiz xalqaro huquqning mavjud prinsiplarini tan olgan holda muhokama qilindi. Shu o’rinda aytib o’tish joiz, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy-o’quv muassasasi direktori Farhod Tolipov ta’kidlaganidek: “Markaziy Osiyo mamlakatlari, aslida, o’zaro keskinliklar yuzaga kelganda ham, hech qachon bir-biridan ajralmagan. Ular faqat mintaqaga berilgan ta’rifda aytilganidek, bir-biridan uzoqlasha olmaydi. Kamdan-kam sodir bo’ladigan va xarakteriga ko’ra katta bo’lmagan mojarolar (asosan chegara delimitatsiyasi muammosi tufayli) ular o’rtasidagi kelishmovchilikning jiddiy omili sifatida qaralishi mumkin emas. Mintaqadagi integratsiya jarayonining vaqtinchalik to’xtatilishidan so’ng, u 2018 yilda besh Prezidentning maslahat uchrashuvlari shaklida qayta tiklandi.”

Ushbu mexanizm Markaziy Osiyoga sarmoya oqimining oshishida hamda mintaqaviy savdoning o’sishini rag’batlantirishda va barqarorlikni ta’minlashning muhim omilidir. Chunki, Rossiya, Xitoy, O’rta Sharq chorahhasida joylashgan mintaqa geosiyosiy jihatdan tashqi aktorlarni jalb qilishi tabiiy. Ushbu platforma esa o’z navbatida, 5 ta davlatning dunyoning yirik davlatlari o’rtasidagi notinch munosabatlar sharoitida tashqi kuchlarning ko’magisiz va ishtirokisiz mintaqada o’zaro ta’sirini amalga oshirishiga imkon beradi. Shu nuqtai nazardan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan o’tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari kelishuvlarini amalga oshirishda mintaqaning barcha davlatlarining o’zaro hamkorligi muhim ahamiyatga ega. “Jacobs” universiteti siyosiy fanlar professori Karen Smith Stegen 2018-yilda Harvard Political Reviewga bergan intervyusida aytib o’tgan edi: “Markaziy Osiyo davlatlari bundan buyon yirik davlatlarga qaramlik o’yinini o’ynashi shart emas, chunki, ularda barcha xohlaydigan resurslar mavjud.” Shu sababli ushbu 5 davlatning o’zaro manfaatli hamda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishi zamon talabidir.

Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyot masalasi hozirgi kunda Yevropa Ittifoqi diqqat markazida turibdi. Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi vitse-raisi Andris Ameriks  qardosh davlatlarning barqaror rivojlanish, savdo-sotiq hajmlarini oshirish, energetika sohasida hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, transport-kommunikatsiya tarmog‘idagi sheriklikni kengaytirish, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.

  Foto: thediplomat.com

 

Ma’lumki, O’rta Osiyo xalqlarining madaniy munosabatlari azal-azaldan shakllangan do‘stlik va qardoshlik rishtalariga, umumiy tarix, til hamda madaniyatiga asoslangan. Qardosh mamlakatlar orasida, shuningdek, madaniy aloqalar ham kengayib borishi o’z navbatida, sobiq ittifoqdan qolgan madaniy ta’sirlardan xalos bo’lishda muhim rol o’ynaydi.  2018-yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilindi. Shu yili yilning 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro anjumanning o’tkazilishi ham qardosh xalqlar o’rtasidagi munosabatlar yanada kengayib borayotganidan darak beradi. Bundan tashqari O‘zbekistonda 2019 – yil 15-aprel kuni Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Turkmaniston bilan ham kengayib borayotgan madaniy aloqlar belgisi sifatida 2018-yilda Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida poytaxtimizdagi Ashxobod sayilgohi ochildi.

Foto: prezident.uz

2021– yil 6- avgust kuni Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining uchinchi Maslahat Kengashi bo’lib o’tdi. Ushbu uchrashuvda BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo’yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya Germanning ishtirok etishi ushbu maslahat uchrashuvining xalqaro ahamiyati yuqori ekanligini ko’rsatadi. Xalqaro maydonda kechayotgan holatdan taxmin qilish mumkin bo’lganidek, uchrashuvda Afg’onistondagi vaziyat ham muhokama qilindi. Chunki, qo’shni Afg’onistonda zo’ravonlikning davom etishi savdo munosabatlariga zarar yetkazibgina qolmay, Markaziy va Janubiy Osiyo o’rtasidagi mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash imkoniyatini susaytiradi. Afg’onistondagi vaziyatning mustahkamlanishi iqtisodiy jihatdan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega, chunki bu transport koridorlari iqtisodiyotni ko’tarish, qashshoqlikni kamaytirish, ish o’rinlarini yaratish va shu orqali barqarorlikni o’rnatish imkoniyatini beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Maslahat uchrashuvi natijalari Markaziy Osiyoda yashayotgan birodar xalqlarimizning ko’pqirrali sherikligini yanada mustahkamlash ishiga munosib hissa qo’shishiga ishonchim komil” deb ta’kidlab o’tdi.

Yuqorida keltirilgan faktlarga tayanib aytishimiz mumkinki, 2017 – yildan keyin Markaziy Osiyo Xalqaro Hamjamiyat tomonidan avvalgidek chegaraviy va resurslar uchun ziddiyatlar mavjud mintaqa sifatida emas, balki o’zaro hamkorlikda muammolarni hal qilayotgan va rivojlanayotgan hudud sifatida ko’riladigan bo’ldi. O’zbekiston diplomatiyasi so’nggi yillarda qardosh mamlakatlar bilan yaxshi qo’shnichilik va o’zaro ishonchga asoslangan aloqalarini yo’lga qo’ya oldi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

[1] статья, написанной специально для cabar.asia. Рустам Бурнашев, профессор Казахстанско-Немецкого университета (Казахстан, Алматы).

 

Najmiddinov Mirshodjon Mirolim o’gli
Toshkent davlat yuridik universiteti, Jinoyat odil sudlov fakulteti 4 kurs, 5-guruh talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications