2013 yil 7 iyunda fuqarolar Isomov Zuhriddin Pattayevich va Ziyodov Odilbek Kariyevichlar tomonidan “Dang‘ara” MChJ (bundan buyon misol matnida ”MChJ” deb yuritiladi) tashkil etilgan bo‘lib, MChJning ta’sis hujjatlari tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatga olish Inspeksiyasi (bundan buyon misol matnida ”Inspeksiya” deb yuritiladi) tomonidan 2013 yil 15 iyunda ro‘yxatga olingan va bu haqda MChJga guvohnoma berilgan.
Ta’sis hujjatlariga ko‘ra MChJning ustav fondi 3000000 so‘m miqdorida belgilanib, unda Z.Isomov 1500000 so‘m yoki 50 foiz, O.Ziyodov 1500000 so‘m yoki 50 foiz ulushga ega bo‘lgan.
MChJ ishtirokchilari tomonidan 2013 yil avgust oyida o‘tkazilgan umumiy yig‘ilishda Z.Isomov o‘zining MChJ ustav fondidagi 50 foiz ulushidan O.Ziyodov foydasiga voz kechganligini qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Bundan tashqari, Z.Isomovning 2013 yil 6 avgustdagi arizasida MChJ ustav fondidagi 50 foiz, ya’ni 1500000 so‘m qiymatdagi ulushini O.Ziyodovga tekinga berishini va MChJdan chiqishini
ma’lum qilgan va ariza notarial tartibda tasdiqlangan.
2013 yil 15 oktyabrda MChJning yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash to‘g‘risidagi 5-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, ustavda MChJ ustav fondiga O.Ziyodov tomonidan 50 foiz, ya’ni
30 000 000 so‘m ulush va Norboyev Usmon O‘rinovich tomonidan 50 foiz, ya’ni 30 000 000 so‘m ulush kiritilishi belgilangan. Mazkur ustav 2013 yil 18 oktyabrda Inspeksiya tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Z.Isomovning MChJdan chiqish va MChJ ustav fondidagi 50 foiz ulushini O.Ziyodovga tekinga berish haqida 2013 yil 6 avgustdagi arizasini bekor qilish haqida 2014 yil 14 dekabrdagi arizasi
notarial tartibda tasdiqlangan.
Shu sababli Z.Isomov javobgarlar O.Ziyodov va U.N orboyevga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda O.Ziyodov tomonidan imzolangan tilxatda O.Ziyodov Z.Isomovdan olingan pullar qaytarilmagan taqdirda, MChJ ustav fondidagi 100 foiz ulushini Z.Isomovga qaytarishi va o‘ziga tegishli bo‘lgan Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Sayilgoh ko‘chasi, 19-uyda joylashgan xonadonni Z.Isomovning nomiga ramiylashtirib berishi ko‘rsatilganligi, biroq ushbu tilxatda qayd etilgan holatlar amalga oshirilmaganligi bayon etilib, javobgarlar O.Ziyodov va O‘.N orboyevni MChJ ishtirokchilari safidan chiqarishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining 2015 yil 20 iyuldagi hal qiluv qarori bilan da’vo talabi to‘liq qanoatlantirilgan. Birinchi instansiya sudi da’vo talabini qanoatlantirib, noto‘g‘ri xulosaga
kelgan.
Chunki “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jami ulushlari jamiyat
ustav fondining (ustav kapitalining) kamida o‘n foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari o‘z majburiyatlarini qo‘pol buzayotgan yoxud o‘z harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning
faoliyat ko‘rsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari to‘g‘risida” 2014 yil 20 iyundagi 262-sonli qarori
3-bandining ikkinchi xatboshisida xo‘jalik shirkati va jamiyati qonunda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, yuridik shaxs maqomini olganidan so‘ng unda o‘z ulushi (payi, hissasi)ga ega bo‘lgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxs ushbu xo‘jalik shirkati va jamiyatining ishtirokchisi hisoblanishi haqida tushuntirish berilgan.
Ushbu holda Z.Isomov tomonidan da’vo arizasi sudga taqdim etilgan vaqtda amalda bo‘lgan MChJ ustaviga ko‘ra Z.Isomov MChJda ulushga ega bo‘lmagan va MChJ ishtirokchisi hisoblanmagan.
Shu bois Hay’at hal qiluv qarorini bekor qilib, da’vo talabini qanoatlantirishni rad etishnii lozim topgan.