
Mehnat munosabatlarida qonunchilikdagi o‘zgarishlar va ish beruvchilar uchun yaratilayotgan huquqiy kafolatlar
M.O.Yoqubjonov
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o‘qituvchisi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida mehnat munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish, xalqaro standartlarga moslashtirish va zamonaviy iqtisodiy talablar asosida yangilash jarayoni izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonning muhim huquqiy asoslaridan biri sifatida 2025-yil 4-avgustda qabul qilingan PF–126-son Farmonni alohida ta’kidlash mumkin. Mazkur hujjat mehnat qonunchiligini takomillashtirish, ish beruvchilar uchun qulay huquqiy muhit yaratish va ularning mas’uliyatini xalqaro me’yorlarga mos darajada belgilashga xizmat qilmoqda.
Farmonning dolzarbligi shundaki, O‘zbekiston mehnat qonunchiligida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni yanada aniq belgilash, nizoli vaziyatlarni oldini olish va ularni hal etishda zamonaviy huquqiy mexanizmlarni joriy etish ehtiyoji mavjud edi. Farmon bilan belgilangan yangiliklar ish beruvchilarning huquqiy kafolatlarini kuchaytiradi, ularga huquqiy aniqlik beradi va mehnat munosabatlarini adolat tamoyillariga asoslangan holda shakllantiradi.
Farmonning asosiy jihatlaridan biri – ish beruvchilar uchun huquqiy kafolatlarning yaratilishidir. Jumladan, mehnat shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish tartibi yanada soddalashtirilib, aniq huquqiy me’yorlar bilan mustahkamlandi. Bu esa ish beruvchiga mehnat munosabatlarini huquqiy aniqlik va barqarorlik sharoitida amalga oshirish imkonini beradi. Farmonga ko‘ra, ishga qabul qilish va doimiy boshqa ishga o‘tkazishni faqat mehnat shartnomasini tuzish yoki o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish yo‘li bilan rasmiylashtirish, bunda buyruq bilan rasmiylashtirish tartibini bekor qilish belgilab qo‘yildi. Amaldagi Mehnat kodeksining 127, 149-moddalariga ko’ra, Ishga qabul qilish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtirilishi, buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos bo‘lishi, mehnat shartnomasini o‘zgartirish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtirilishini nazarda tutilar edi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik va bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish talablari bekor qilinishi belgilandi. Bandlik organlari tomonidan yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikning bekor qilinishi ish beruvchilarni ortiqcha majburiyatlardan xoli etadi va kadrlarni tanlashda erkinlikni kengaytiradi. Shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish talabining bekor qilinishi ish beruvchilar uchun ortiqcha hujjat aylanishini qisqartiradi.
Undan tashqari, elektron shakldagi mehnat daftarchasi shakllantirilgan xodimlarga nisbatan qog‘oz shakldagi mehnat daftarchasini yuritishni bekor qilish va mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxatini barcha toifadagi tashkilotlar uchun mehnat shartnomasida ham belgilashga ruxsat berish ham nazarda tutilmoqda.
Elektron mehnat daftarchasining joriy etilishi ish beruvchilar uchun xodimlarning mehnat faoliyatini yuritishda qulaylik yaratadi. Qog‘oz shaklidagi daftarchalardan voz kechish mehnat hisobotlarini yuritishda zamonaviy axborot tizimlari orqali tezkorlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Mehnat majburiyatlarining qo‘pol buzilishlari ro‘yxatini shartnomada belgilash huquqi ish beruvchilarga xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasida aniq tartib va intizomiy talablarni kiritish imkonini beradi. Bu esa, mehnat intizomini mustahkamlash, shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish uchun huquqiy asoslarni oldindan belgilab qo‘yish orqali ish beruvchilarni kelgusidagi nizolardan himoya qiladi.
Shu bilan birgalikda, Farmonga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab YAMMT orqali qayd etilgan mehnat qonunchiligi buzilishini ish beruvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish va qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha elektron ma’muriy qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olish uchun “kasb vaucheri” berish tartibi joriy etiladi va “kasb vaucheri” ssuda sifatida beriladi. Shaxs o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng olingan ssudani ikki yil davomida Jamg‘armaga (nogironligi bo‘lgan shaxslar va Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolari bundan mustasno) qaytaradi.
Umuman olganda, mazkur o‘zgarishlar ish beruvchilar uchun mehnat munosabatlarida huquqiy barqarorlik, boshqaruvda soddalik, xodimlarni tanlashda erkinlik va mehnat intizomini ta’minlashda mustahkam kafolatlar yaratmoqda.
Xulosa
PF–126-son Farmon mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solishda yangi bosqichni boshlab berdi. Unda nazarda tutilgan o‘zgarishlar ish beruvchilarning huquqiy maqomini mustahkamlash, ular uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mehnat nizolarini hal etishda huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish hamda xalqaro standartlarga moslashgan milliy mehnat tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Ushbu islohotlarning barchasi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish, ish beruvchilarning manfaatlarini himoya qilish va xodimlar bilan barqaror mehnat munosabatlarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.