Meros tarkibiga nimalar kiradi?

Meros qoldiruvchi vafot etgan vaqtda unga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi. Ya’ni meros ochilgan paytda meros qoldiruvchi nomida bo‘lgan mol-mulklar, mulkiy huquqlar, qarzlar.

Meros qoldiruvchining umumiy mulkdagi har qanday ulushi, pay badallari ham meros tarkibiga kiradi. Bunda meros tarkibiga meros qoldiruvchining o‘ziga tegishli qismi kiradi.

Misol: Avtomobil er-xotinga tegishli umumiy mulki bo‘lgan. Er vafot etgandan keyin meros tarkibiga faqat avtomobilning yarimi kiradi.

Meros mulki tarkibiga davlat tomonidan imtiyozli ravishda yoki umumiy asoslarda meros qoldiruvchining egaligiga berilgan mulklar, yer uchastkalari hamda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq tarzda berilgan turli ob’yektlar ham kirishi mumkin.

Ko‘p beriladigan savol: Meros qoldiruvchi vasiyatnoma yozganidan so‘ng, muayyan vaqt o‘tib vasiyat qilgan mol-mulkini hadya qilgan yoki sotgan. Biroq, vasiyatnoma bekor qilinmagan. Masalan, buva uyini nevaraga vasiyat qilib bergan, keyinchalik nevaraning tog‘asi nomiga o‘tkazdi. Bunday holatda mol-mulkni vasiyatnoma bo‘yicha talab qilsa bo‘ladimi?

– Bunday holatda meros qoldiruvchi vafot etganda vasiyatnomada ko‘rsatilgan mol-mulk uning egaligidan chiqib ketgan bo‘ladi. Ya’ni, bu mulk meros tarkibiga kirmaydi va vasiyat bo‘yicha o‘tmaydi.

Meros tarkibiga kirmaydigan huquq va majburiyatlar:

yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;

hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;

aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;

mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;

mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar.

Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications