Merosdan majburiy ulush olish mumkinmi?

Qonunlarmiz meros qoldiruvchining voyaga yetmagan va mehnatga qobiliyatsiz qarindoshlarining meros olish huquqlarini kafolatlaydi. Bunda, agar shaxs barcha mol-mulkini bir odamga meros qilib qoldirsa-yu, lekin voyaga yetmagan bolalari va mehnatga layoqatsiz xotini (eri) yoki ota-onasiga hech nima qoldirilmagan bo‘lsa, qonun vasiyatnomada nima deyilganidan qat’iy nazar ularga ulush ajratadi (FKning 1142-moddasi).

Quyidagilar meros qoldiruvchining merosidan majburiy ulush olish huquqiga ega:

  • voyaga yetmagan bolalari;
  • mehnatga qobiliyatsiz bolalari;
  • mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini);
  • mehnatga qobiliyatsiz ota-onasi;
  • mehnatga qobiliyatsiz farzandlikka olganlar.

Mehnatga qobiliyatsizlik – bu nogironlik yoki biror-bir kasallik tufayli mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotish yoxud pensiya yoshiga yetish.

Merosdan majburiy ulush oluvchilar vasiyatnoma mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini meros qilib oladilar.

Ko‘p beriladigan savol: Majburiy ulush oluvchi o‘z ulushidan voz kecha oladimi?

– Albatta, majburiy ulush oluvchi o‘z ulushidan voz kecha oladi (FKning 1148-moddasi).

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications