Kuzda go’zal bizning Farg’ona,
Qiyosi yo’q jannat maskandir.
Uyimizni sog’indim, ona,
Bog’imizda behi pishgandir…
Yelar yeldek, qirda bearqon
Tuyoqlari chaqnoq kulunlar.
Soyda tanga sochardir hamon
O’g’il so’rab suluv kelinlar.
Siz-chi, yuribsizmi g’imirlab,
Ko’nglingizda g’aroyib hislar.
Oldingizdan o’tsa qiqirlab
Sochiga qo’l tegmagan qizlar.
Men ham o’sha-o’shaman, nodon,
Goh pand berib, gohida pand yeb.
Mashhur qil, deb so’rab Xudodan,
Tilamabman baxtli bo’lay deb…
Kuzda go’zal bizning Farg’ona,
Qiyosi yo’q jannat Vatandir.
Xatim tamom. Aytgandek, ona,
Zebi erga tegib ketgandir?!