Muhabbat – Muhammad Yusuf

Muhabbat, ey go’zal iztirob,
Ey ko’hna dard, ey ko’hna tuyg’u.
Ko’kragimga qo’lingni tirab,
Yuragimni to’kib qo’yding-ku.

Qancha ko’zlar menga zor edi,
Na g’am, na anduhim bor edi.
Qushday yengil ruhim bor edi,
Chok-chokidan so’kib qo’yding-ku.

Ne qilarding menga tegib sen,
Yengilmagan edim — yengib sen,
Boshlarimni yerga egib sen,
Qomatimni bukib qo’yding-ku.

Sen men uchun bir xayol eding,
Yaxshi bor yo yaxshi qol eding.
Jon kerakmi — mana ol endi,
Qiynar bo’lsang qiynab to’yding-ku.

Bilmam, nima edi maqsading:
Menga bir juft guling asrading,
Birin otin Kumush atading,
Birin ismin Zaynab qo’yding-ku.

Muhabbat, ey go’zal iztirob,
Ko’chang kezdim sarson, dovdirab, Yuzlarimga yuzlaring tirab,
Ko’zlarimni boylab qo’yding-ku!..

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications