Mulk ijarasi shartnomasi

Mulk ijarasi shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi. Yer uchastkalari, yer osti boyliklari joylashgan uchastkalar va boshqa alohida tabiiy obyektlar, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari va foydalanish jarayonida o‘zining tabiiy xususiyatlarini yo‘qotmaydigan boshqa ashyolar (iste’mol qilinmaydigan ashyolar) mulk ijarasiga berilishi mumkin. Mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga mo‘ljallangan bo‘lsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs bo‘lgan hollarda esa, muddatidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.Mulk huquqining kelgusida ijarachiga o‘tishini nazarda tutuvchi mulk ijarasi shartnomasi, bunday mulkning oldi-sotdi shartnomasi uchun nazarda tutilgan shaklda tuziladi. Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi.

Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, ko‘chmas mulk ijarasida esa –– uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qo‘yilishi mumkin.

Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng ko‘p (oxirgi) muddatlar belgilab qo‘yilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat o‘tishi bilan shartnoma bekor bo‘ladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi.

Azamat Abdusalomov

Yozyovon tumani Adliya bo’limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo’llash amaliyoti bo’limining yetakchi maslahatchisi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications