“MUTAFAKKIRNING VIDO MAKTUBI” -Isajon Sultonning “Boqiy Darbadar” romanidan parcha

«Mabodo Tangri Taolo mening taqdirimdan ko‘z yumsa-yu, latta monand hilvirab qolgan shu vujudimga yana bir parchagina hayot hadya etsaydi, hoynahoy, o‘ylayotganlarimning hammasini aytmasam ham, gapirayotganlarimning hammasini o‘ylagan bo‘lardim.

Shunda… tevarakdagi narsalarni narxlariga qarab emas, qiymatiga qarab baholardim. Ko‘zim yumuq mahalda o‘tkazilgan har bir daqiqada yorug‘likning oltmish soniyasini yo‘qotayotganimni idrok etgan holda kamroq uxlagan, ko‘proq orzu qilgan bo‘lardim. Qolgan hamma to‘xtab turgan mahalda yurar, hamma uxlayotgan mahalda uxlamasdim. Boshqalar gapirayotganlarida, ularning gaplarini xuddi shokoladli muzqaymoqning ajoyib mazasidan lazzatlangan kabi, lazzat ila eshitgan bo‘lardim.

Agar Tangri Taolo menga yana bir on hayot bersa… kamtarroq kiyingan, quyoshning issiq nurlariga faqatgina tanimni emas, qalbimni ham toblab yotgan bo‘lardim. Ey Parvardigorim! Agar menda yurak bo‘lsaydi, barcha nafratlarimni muzga yozib, quyosh chiqishini kutardim. Uyqum bilan (Van Gogning orzusi) yulduzlarga hurriyat poemasining suvratini chizardim, ozodlik qo‘shig‘i esa mening Oyga qilgan tuhfam bo‘lib qolardi. Tikanlarining achchig‘ini va gulbarglarining qirmizi o‘pichlarini his qilish uchun ko‘zyoshlarim bilan atirgullarni sug‘orardim.

Ey Qodir Egam! Agar yana bir parchagina hayot bo‘lagi tanimda qolsaydi, bir kunimni ham tevaragimdagi o‘zim suygan insonlarga ularni sevishimni aytmasdan o‘tkazmasdim. Men uchun qiymatli bo‘lgan har bir kishini muhabbatimga ishontirgan, muhabbatni sevib yashagan bo‘lardim. Qartayganda dilni muhabbat tark etadi deb adashganlarga, muhabbatni tark etganlari uchun qarilik kelishini tushuntirardim.

Bolakaylarga qanot hadya qilar, ammo uchishni o‘zlari o‘rganishlariga imkon berardim. Qariyalarni esa, ajal keksalik tufayli emas, xatolar va yanglishishlar tufayli kelishiga ishontirardim.

Insonlar, men sizdan shu qadar ko‘p narsa o‘rgandimki… lekin anglaganim eng buyuk haqiqat – butun olam tog‘larning cho‘qqilarida yashashni istar ekan, haqiqiy saodat u yerda yashash emas, u yerga ko‘tarilishda ekan!

Shuni tushunib yetdimki, murg‘ak bolakay kichkina barmoqchalari bilan otasining barmog‘ini qisimlagani on, uni hech qachon qo‘yib yubormasin!

Angladimki, inson bolasi boshqa birovga, faqatgina yuqoriga ko‘tarilishi uchun yordam berayotganidagina balanddan qaray olar ekan!

Insonlar, sizlardan o‘rganishim mumkin bo‘lgan yana shunchalar ko‘p narsa borki… ammo ularning menga zarurati qolmaydiganga o‘xshaydi… chunki, meni mana shu yog‘och otga mindirganlarida, afsuski, jonimni Haqqa topshirgan bo‘laman.

Har doim his qilganingizni gapiring, o‘ylaganingizni amalga oshiring! Agar… sening shu uxlashingni bugun so‘nggi bora ko‘rib turganimni bilsam, mahkam bag‘rimga bosgan va Tangri Taolodan meni, sening qo‘riqchi farishtangga aylantirishini iltijo qilgan bo‘lardim. Eshikdan qanday chiqayotganingni oxirgi bor ko‘rayotganimni bilsam, bag‘rimga qattiq bosib o‘pgan va yanada ko‘proq mehrimni berish uchun yana qaytadan o‘zimga chorlagan bo‘lardim. Ovozingni so‘nggi bor eshitayotganimni bilsam, men hamma gapirgan gaplaringni qayta-qayta, benihoya eshitish uchun yozib olgan bo‘lardim. Agar seni ko‘rib turganimning so‘ng daqiqalari ekanini bilsam, shunday degan bo‘lardim: «Men seni yaxshi ko‘raman, ammo buni shusiz ham bilishing men ahmoqning xayolimga ham kelmabdi. Har doim ertangi kunimiz bor, hayot bizga, hamma-hammasini izga solish uchun yana bir fursat bermoqda, biroq, yanglishgan bo‘lsamu bugun hammasi tugasa, senga shuni aytgan bo‘lardimki, seni juda qattiq yaxshi ko‘raman va hech qachon unutmayman! Keksa ham, yosh ham ertaga nima sodir bo‘lishini bilolmaydi. Balki suygan insonlaringni so‘nggi bora ko‘rib turgandirsan?! Shu bois, nimanidir kutma, bugunoq bajar, chunki ertangi kun hech qachon kelmas bo‘lsa, sen – birgina jilmayish, birgina bag‘irga bosish, birgina o‘pish uchun vaqt topolmaganing, so‘nggi istakni bajarishga kelganda juda-juda band bo‘lgan kuningga la’natlar o‘qiysan. O‘zingga yaqin insonlarni qo‘llab-quvvatla, quloqlariga senga qanchalar kerak ekanliklarini shivirlab ayt, ularni ehtiyot qil, «afsus», «meni kechir», «rahmat» va «marhamat» degan so‘zlarni va o‘zing bilgan hamma xush kalomlarni aytish uchun vaqt top. Hech kim seni fikrlaring boisgina eslab o‘tirmaydi. Parvardigori Olamga, hissiyotlaringni tilingga chiqara olishing uchun donolik va kuch-quvvat so‘rab iltijo qil. Do‘stlaringga ular sen uchun qanchalar qiymatli ekanlarini ayt. Agar sen bularni bugun qilmasang, ertangi kuning ham xuddi kechagi kuning kabi bo‘lib qoladi. Va agar sen bularni amalga oshirmasang, hech narsaning ahamiyati qolmaydi, qiladigan ishing hech narsa, hech narsa va faqat hech narsa bo‘lib qoladi!

Buning vaqti soati yetdi…»

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications