Netarman – Muhammad Yusuf

O’zing bor-a, o’zing bor,
Bir quralay ko’zing bor.
Yerdan yumshoq yuzing bor,
O’polmasam netarman…

G’amdek shirin sevinchsan,
Qirq yigitga ilinjsan.
Qindan chiqmas qilichsan,
Chopolmasam netarman?..

Ko’k dalada yotgandim,
Xayollarga botgandim.
Og’zimdagi oq qandim —
Yutolmasam netarman…

Changimagin, tuproq yo’l,
Bo’lgin menga o’rtoq, yo’l.
Yolg’izboshman, yolg’izqo’l,
Chopolmasam netarman.

Yaqinlashgach uyimga,
O’y qo’shilar o’yimga.
Qaytay desam izimga —
Qaytolmasam netarman…

Xotin ochar eshikni,
Tutqazadi beshikni.
Bola zo’rmi yo ishqmi?..
Aytolmasam netarman.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications