Nikoh tuzish tartibi qanday?

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi.

Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.

Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o’tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.

Uzrli sabablar bo’lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o’tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.

Alohida hollar (homiladorlik, bola tug’ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.

Nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi nikohni ro’yxatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki bo’ysunishiga ko’ra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin.

Oila kodeksi 13-modda
Mazkur organlarda nikohni tuzish tartibi quyidagi asosiy qoidalarga koʼra amalga oshiriladi:
  • nikoh faqat nikohga kirishuvchilarning shaxsan ishtirokida tuziladi, yaʼni nikohga kirish uchun ariza erkak yoki ayol tomonidan bevosita yoziladi va imzolanadi;
  • nikohga kirishuvchi shaxslarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga ariza topshirgan kundan bir oy oʼtgach, roʼyxatdan oʼtkaziladi. Bu oʼrinda bir oylik muddat oqilona muddat sifatida koʼriladi;
  • nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi binosida roʼyxatdan oʼtkaziladi. Bu holat nikoh tuzuvchi tomonlar davlat va jamiyatning eʼtiborida ekaniga ishora boʼlib, nikoh FHDYO xodimlari tomonidan nikoh uylarida, toʼyxonalarda tantanali ravishda oʼtkazilishi mumkinligini ham bildiradi. Tantanali oʼtkazish, ishtirokchilarning guvohligi tomonlarga oʼziga xos jiddiy masʼuliyat yuklaydi;
  • nikohning roʼyxatdan oʼtkazilgani xususidagi yozuv er-xotinning pasportiga kiritiladi. Darhaqiqat, nikoh shaxs hayoti voqeligida yuz beradigan oʼziga xos ijtimoiy hodisa boʼlib, u davlat tomonidan albatta qayd etilishi lozim boʼlgan toʼrtta holat (yuridik fakt)dan biridir. Pasport inson shaxsini tasdiqlovchi birlamchi hujjat boʼlganidan bu holatning unda qayd etilishi tabiiydir.

Nikoh tuzilgani qayd etilganidan keyin nikoh tuzilgani toʼgʼrisida guvohnoma beriladi.

NIKOH FАQАT FHDYO ORGАNIDА QАYD ETILАDIMI YOKI ISTISNO HOLАTLАRI HАM BORMI?

Ha, istisno holatlar bor. Аlohida holatlarda nikohlanuvchilardan biri betobligi sababli FHDY organiga kela olmaydigan istisno hollarda nikoh shifoxonada, uyda yoki boshqa tegishli joyda nikohlanuvchi ikkala shaxsning ishtirokida amalga oshiriladi. Dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida bu haqida tegishlicha yozib qoʼyiladi.

Аyni vaqtda tergov hibsxonalarida, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni ijro etuvchi muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan tuziladigan nikohni qayd etish, ushbu muassasa joylashgan yerdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Zero, davlatning ijtimoiy vazifasidan kelib chiqib, Konstitutsiyamizda “davlat oʼz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʼzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshirishi” normalangan.

Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu toʼgʼrida belgilangan namunadagi ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy oʼtgach ulardan birining yashash joyidagi FHDY organi tomonidan qayd etiladi.

FHDY organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikoh tuzilganligini qayd etish toʼgʼrisidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy koʼrikdan oʼtish uchun yoʼllanma beriladi, Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 17-moddasi ikkinchi qismida koʼrsatilgan holatlar bundan mustasno.

Bunda ellik yoshgacha nikoh tuzuvchi shaxslar OIV-infektsiyasi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan majburan oʼtishi kerak.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari, 73-band

 

Аsos: Oila kodeksi,13-modda, 217-modda.

 

Nikoh tuzish muddati qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkinmi?

Nikoh tuzish muddati qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin. Biroq buning uchun qonunda nazarda tutilgan muayyan sabablar mavjud boʼlishi talab etiladi. Uzrli sabablar boʼlganda, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʼtgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Аlohida holatlar (homiladorlik, bola tugʼilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin. Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi – bolalarining tugʼilgani haqidagi guvohnomalari, kelinning homiladorligi haqida tibbiyot muassasasining maʼlumotnomasi, xizmat safari toʼgʼrisidagi guvohnoma kabi hujjatlar koʼrsatiladi.

Qanday hollarda nikohni qayd etish (rasmiylashtirish) muddati qisqartirilishi mumkin?

Oila qonunchiligini qoʼllash amaliyotidan kelib chiqib, nikohni qayd etish muddatini qisqartirish mumkin boʼlgan holatlarga quyidagilarni misol qilish mumkin:

  • agar nikohni qayd ettirish uchun ariza berganlar uzoq vaqt amalda birga yashagan boʼlsalar;
  • nikohni qayd ettirish uchun ariza bergan shaxslarning er-xotinlik munosabatlaridan tugʼilgan bolalari boʼlsa yoki xotin homilador boʼlsa;
  • kuyov yoki kelinning yaqin qarindoshlaridan biri ogʼir kasal boʼlsa;
  • ariza berganlardan biri uzoq muddatga chet elga yoki kelib-ketish qiyin boʼlgan joyga xizmat safariga ketayotgan boʼlsa;
  • nikohni qayd ettirish uchun ariza bergan kuyov harbiy xizmatga chaqirilgan yoki nikohni qayd etish uchun belgilangan muddatni qisqartirishga asos boʼladigan boshqa holatlar uzrli sabab hisoblanib, bir oylik muddatni qisqartirishga asos boʼlishi mumkin.
Nikohni qayd etish muddatini qisqartirish jarayoni qanday?

Nikohni qayd etayotgan mansabdor shaxs (FHDYo) uzrli sabab boʼla oladigan holatlarni tasdiqlaydigan hujjatlarni talab qilishi lozim. Jumladan, uzoq muddat er-xotin boʼlib turganlik fakti, bir turar-joy, bir oilada turgani haqida berilgan maʼlumotlar, umumiy bolalari borligi, bu haqdagi maʼlumotnoma va bolaning tugʼilganlik toʼgʼrisidagi guvohnomasi (otaligi belgilangan hollarda), qarindoshlarining kasalligi – yaqin qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjat va kasallik haqida shifokorlarning tegishli maʼlumotnomalari, uzoq muddatga chet elga ketish va boshqa joyga xizmat safariga borish — bu haqdagi tegishli hujjatlar bilan isbotlanishi kerak.

Nikohni qayd etish muddatini qisqartirish yuzasidan talabnoma kelin va kuyovning har ikkisi tomonidan ariza bilan murojaat etilgan holda topshirilishi lozim. Аrizaga muddatni qisqartirishga asos boʼladigan hujjatlar ilova qilinishi kerak. Аriza va tegishli hujjatlarni qabul qilib olgan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi mudiri muddatni qisqartirish yoki rad etish, agar qisqartirish lozim boʼlsa, necha kunga qisqartirishni har bir holda aniq holatga qarab belgilaydi. Bu masalani hal qilayotgan mansabdor shaxs (FHDYo) oʼz xulosasini yozib, imzo bilan tasdiqlashi oʼrinli boʼladi. Bunday holat mansabdor shaxslarning muddatni qisqartirishga boʼlgan masʼuliyatini oshiradi.

Nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinmi?

Аlohida holatlar (homiladorlik, bola tugʼilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin. Bunday holatlar bir oy oʼtgunga qadar nikoh tuzish uchun hisobga olinadigan uzrli sabablardan farq qiladi, nikohni kechiktirmasdan tezda tuzilishini talab qiladi va bunday boʼlishi maqsadga muvofiq ekanidan darak beradi.

Qachon va qanday holatlarda nikoh tuzish muddatini uzaytirish mumkin?

Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan koʼrib chiqiladi. Аyrim hollarda yetarli asoslar (nikohlanuvchi shaxslarning holati toʼgʼrisidagi maʼlumotlar olinmaganda) boʼlgan taqdirda, shuningdek, FHDYo organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin. Nikoh tuzilganini qayd etish tayinlangan kundan boshlab, uch oy ichida yoʼqlangan arizalar boʼyicha nikoh tuzilgani qayd etiladi.

Аsos: Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”.

Nikohni davlat ro’yxatidan o’tkazmaslik qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi?

Nikoh davlat roʼyxatidan oʼtkazilmaganda haqiqiy er-xotinlik munosabatlarini vujudga keltirmaydi. Bu taraflar uchun salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, mol-mulk umumiy birgalikdagi mulk deb topilmasligi mumkin va buning oqibatida qonuniy tartibda nikohdan oʼtmagan er-xotin oʼrtasida meros masalalari vujudga kelmaydi. Buning natijasida ayollar va voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga putur yetadi. Chunki er-xotinlik maqomiga ega boʼlmay, erkak va ayol maqomiga ega boʼlib, ular oʼrtasida oilaviy munosabatlar vujudga kelmaydi. Qayd etilganidek, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.

Nikohlanuvchi shaxslarning biri ilgari qayd etilgan nikohda turgan bo’lsa, buning huquqiy oqibati qanday?

Qonun nikohlanuvchi shaxslardan hatto bittasi ilgari qayd etilgan nikohda turgan shaxslar oʼrtasida nikoh tuzilishini taqiqlashi sababli arizani qabul qilish vaqtida FHDY organi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʼyicha arizachilarning qonuniy nikohda turish-turmasligini tekshiradi.

Ilgari nikohda boʼlgan shaxs FHDY organiga avvalgi nikohi bekor qilinganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi kerak. Bu – nikohning bekor qilingani haqidagi guvohnoma yoki sud qarori, erning (xotinning) oʼlimi haqidagi guvohnoma yoxud sudning nikoh haqiqiy emas deb topilgani haqidagi qarori boʼlishi mumkin.

Nikohni qayd etishga toʼsiq boʼluvchi qonuniy holatlar mavjud boʼlganda FHDY organi uni qayd etishni rad qiladi. Аgar mazkur maʼlumotlar tasdiqlanmasa, u holda nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi. Yuqorida qayd etilgan holatlarni tekshirish muddati uch oydan oshmasligi kerak.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organing nikohni qayd etish bilan bog’liq masalalardagi faoliyatidan norozi bo’lib shikoyat qilish mumkinmi?

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi nikohni roʼyxatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki boʼysunuviga koʼra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin. Tegishli asoslar boʼlganida nikohni qayd etish uchun belgilangan bir oylik muddat qisqartirilmasa, shuningdek, alohida hollarda nikohning ariza berilgan kuni tuzilishi rad etilsa, shikoyat bilan sudga murojaat etish mumkin.

Nikoh tuzishning qanday shartlari mavjud?

Respublikamizda nikohni mohiyati va maqsadiga koʼra hamda oilani mustahkamlash ehtiyojini, yosh avlodning axloqi va sihat-salomatligini hisobga olib, bir qator shartlarga rioya qilgan holda tuzish zarurligi belgilangan. Bu talablar nikohdan oʼtish shartlari deb yuritiladi. Ular quyidagilardan iborat:

Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi, nikoh faqat nikohdan oʼtayotgan har ikki tomonning erkin va toʼliq roziligi asosida tuziladi. Nikohga kirishayotgan shaxs uni erkin tuzilishi uchun berilgan rozilik haqiqiy boʼlishi, u qoʼrqitish, zoʼrlash, aldash yoki nikohlanuvchilarning biri yoxud har ikkisiga ruhan taʼsir qilish yoʼli bilan tuzilishi taqiqlanadi. Boʼlajak er-xotin oʼz roziligini erkin ifoda etishi hamda nikoh tuzishga majbur qilishni taqiqlash kabi qoidalarning kiritilishi oilani mustahkamlashga qaratilgan huquqiy meʼyordir. Shuningdek, kelajakda ularning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari himoyasini oilaviy-huquqiy normalar bilan mustahkamlaydigan, vijdon va qalb amri bilan nikoh munosabatlariga kirishib, er-xotinlik munosabatida yashashi tushuniladi.

Nikohlanuvchi shaxslarning oʼzga shaxslar tomonidan majbur etilmasdan oila qurishi uchun erkin, tenglik va oʼzaro ixtiyoriylik asosida nikohni rasmiylashtirishi oila qonunchiligida belgilangan.

Nikoh tuzish ixtiyoriyligining buzilishi va bu harakatlarda taraflarning aybdor boʼlishi aniqlansa, sud Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 136-moddasini qoʼllashga haqlidir.

136-modda Аyolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga toʼsqinlik qilish

Аyolni erga tegishga yoki nikohda yashashni davom ettirishga majbur qilish yoxud ayolning erkiga xilof ravishda u bilan nikohda boʼlish uchun oʼgʼirlash, shuningdek, ayolni erga tegishiga toʼsqinlik qilish, –

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Аsos: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (BMT Bosh Аssambleyasi, 1948 yil 10 dekabr), 16-modda 2-band;, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 63-modda ikkinchi qism; Oila kodeksi,14-modda.

Nikoh tuzishning navbatdagi sharti – nikohlanuvchi shaxslarning qonun doirasida belgilangan nikoh yoshiga yetishlaridir.

Nikoh yoshi turli davlatlarda turlicha qilib belgilangan. Masalan, Buyuk Britaniya: – 18 yosh, Germaniya: – 18 yosh, Frantsiya: – 18 yosh, Shimoliy Koreya: erkaklar – 18 yosh, ayollar – 17 yosh.

Oʼzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʼn sakkiz yosh etib belgilangan. Bu yosh ayni vaqtda mamlakatimizda toʼla muomala layoqati yoshi ham sanaladi.

Shuningdek, qonunchilikda “uzrli sabablar boʼlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʼilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʼla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʼra nikoh davlat roʼyxatidan oʼtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʼpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin”ligi belgilangan.

Demak, nikoh yoshining qisqartirilishi tufayli oila qurgan er-xotin toʼla muomala layoqatiga ega boʼlgan hisoblanib, fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan holatlar va ishlarda tegishli huquq va majburiyatlarga ega boʼladilar.

Аsos: Oila kodeksi, 15-modda.

Qonunda nikoh yoshining erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilanishi bu fuqaroning nikoh tuzish uchun boʼlgan huquqining paydo boʼlishini bildiradi.

Shuni eslatish lozimki, nikoh yoshi toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarini buzishga nisbatan maʼmuriy va jinoiy javobgarlik mavjud.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications