Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish shartmi?

Oila kodeksiga oilaning yanada mustahkam va barqaror bo‘lishi, kelajak naslni sog‘lom dunyoga kelishi uchun muhim omil sifatida 17-modda kiritilgan bo‘lib, u nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga bag‘ishlangan.

Yuqorida qayd etilgan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomda nikohlanuvchi shaxslar qaysi kasallik turi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tishning hajmi va tartibi nazarda tutilgan.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hajmi quyidagichadir:

  • Ruhiy kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) yuzasidan tekshirish: anamnestik; psixopatologik; somatonevrologik; paraklinik.
  • Narkologik kasalliklar yuzasidan tekshirish: klinik tekshirish; anamnestik; psixopatologik; somatonevrologik; laboratoriya tekshiruvi.
  • Zaxm yuzasidan tekshirish: genitaliy doirasida yara yoki eroziya mavjud bo‘lganda yoki terining boshqa joylarida zaxmdan shubhalanadigan toshmalar mavjud bo‘lganda material to‘plash; presipitasiya mikroreaksiyasi usuli bilan zaxm yuzasidan qonni tekshirish; qonni serologik tekshirish.
  • Sil yuzasidan tekshirish: anamnez; ko‘krak qafasi organlarini tekshirish; ko‘krak qafasi organlarining rentgenoskopiyasi (yirik kadrli flyuorogramma); ko‘krak qafasi rentgenografiyasi; balg‘amni, yaraning yiringini, bakteroskopiya usuli bilan siydikni sil mikrobakteriyasiga tekshirish.
  • OIV/OITS yuzasidan tekshirish: anamnez; klinik tekshirish; birlamchi immunoferment tekshirish; immunoblot usuli bilan qonni tekshirish.

Nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.

Asos: Oila kodeksi, 17-modda, Vazirlar Mahkamasining

2003 yil 26 avgustdagi 365-sonli “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizom

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications