Nima sababdan Blog uchun veb sayt yaratish kerak? | Ikkinchi dars

Ushbu darsda blog yaratish haqida gaplashamiz. Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, blog turli platformada yaratilishi mumkin. Masalan, telegram kanali, youtube kanali, ijtimoiy tarmoq sahifalari, online blogging platformalari va veb sayt yaratish orqali blog yaratish mumkin. Lekin bular orasida eng ishonchli va eng samarali usul bu veb sayt yaratish orqali blogggerlik qilish sanaladi.

Birinchidan, veb sayt ochsangiz sizda hech qanday cheklovlar bo’lmaydi. Ya’ni, siz saytda turli xildagi ma’lumotlarni erkin joylay olasiz. Matn, video, rasm va boshqa media ma’lumotlarni bemalol joylayverasiz. Shuningdek, sayt uchun mingdan ortiq dizaynlardan o’zingizga yoqqanini tanlab o’rnata olasiz. Telegramda esa bunday funksiya mavjud emas.

Ikkinchidan, xavfsizlik  va ishonchlilik nuqtai nazaridan ham sayt alohida o’rin tutadi. Sayt bilan barcha ma’lumotlaringiz to’laligicha boshqaruvingiz ostida bo’ladi. Saytingiz ma’lumotlari hech qachon qaysidir provayderning yopilishi, ko’chishi yoki vaqtincha to’xtatilishi bilan o’chib ketmaydi. Saytni har doim zahira nusxa sifatida olib qo’yish mumkin. Agar saytni telegram kanal bilan taqqoslasangiz, telegram akkauntingizni o’chirib tashlasangiz, kanalingizda qaytib admin bo’la olmaysiz (agar kanalga boshqa admin qo’shmagan bo’lsangiz). Shunday ekan, agar faoliyatingiz jiddiy maqsadlarga yo’naltirilgan bo’lsa, uni kelajakda yana ham rivojlantirish, kelajagingizni shu faoliyat bilan bog’lash niyatingiz bo’lsa, ishonchlilik nuqtai nazaridan saytni tanlashingiz kerak.

Uchunchidan, sayt ochsangiz, auditoriyani qidirib, o’tirmaysiz, ular sizni o’zlari topib olishadi. Saytingizni SEO optimizatsiya qilsangiz, ya’ni qidiruv tizimlari (Google/Yandex/ Bing va hokazo) bilan bog’lasangiz, saytingizdagi ma’lumotlar soni ortishi bilan, sayt foydalanuvchilari soni ham o’z o’zidan ko’payib boradi. Bu esa sizni reklama uchun pul sarflashdan ozod qiladi. Telegram kanallarining esa, birinchi noqulayligi, undagi ma’lumotar qidiruv tizimlarida ko’rinmasligi bo’lsa, ikkinchisi, foydalanuvchilar sonini ko’paytirish uchun ko’p pul sarflashga to’g’ri keladi. Bundan tashqari, telegramda reklama berganingizda, auditoriyani to’g’ri tanlamasangiz, foydalanuvchilar kanalingizga obuna bo’lishi qiyin bo’ladi.

To’rtinchidan, veb  sayt ochish orqali bir o’q bilan bir nechta quyonni urishingiz mumkin. Siz veb sayt ochsangiz,faqat sayning o’zi bilan cheklanib qolmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini va telegram kanalini ham ochib ularni saytga bog’lab qo’yishingiz mumkin. Yuqorida aytganimizdek, saytda ma’lumotlar soni ortishi bilan sayt foydalanuvchilari o’z-o’zidan ko’payadi, saytingiz ijtimoiy tarmoq sahfalari va telegram kanali bilan bog’langanligi, ularning ham foydalanuvchilari oshib borishiga xizmat qiladi.

Beshinchidan, saytdan daromad olish boshqa platformadagilardan ancha osonroq. Masalan, telegram kanali orqali daromad olishning yagona yo’li faqat reklama joylashtirish. Bunda siz reklama beruvchi bilan bevosita ishlaysiz, va uni topish ham oson emas. Ammo veb sayt ochsangiz, saytingiz foydalanuchilari ortishi bilan uni monetizatsiya qilishingiz mumkin. Monetizatsiyaning juda ko’p turlari mavjud bo’lib, ulardan keng tarqalgani РСЯ (Рекламная сеть Яндекса) hisoblanadi. Bu platforma reklamalarini saytingizga joylasangiz, reklama har bir bosilgani uchun sizga pul tushib turadi. Bundan tashqari reklamaning yana ko’plab turi mavjud bo’lib, ular orasida reklamaning ko’rilishiga qarab to’lov qilinadigan turlari ham mavjud. Bunday reklama platformalari bilan ishlashdan tashqari, saytingiz foydlanuvchilari ko’paysa, tadbirkorlar bilan ham mahsulot reklamasi bo’yicha hamkorlik qilishingiz mumkin bo’ladi. Sayt monetizatsiyasini yo’lga qo’yib olganingizdan so’ng siz qiladigan yagona ish saytga maqola yozish va auditoriyani yanada kengaytirish bo’ladi, pul esa o’zi oqib kelaveradi.

Oltinchidan, veb saytni brendga aylantirish mumkin bo’ladi. Hozirgi kundagi ko’plab mashhur yangiliklar saytlari dastlab oddiy blog shaklida yolg’iz bir kishi tomonidan ochilgan. Auditoriyasi soni ortib borishi bilan ular katta biznesga aylanib ketishgan. Uzoqqa bormay o’zimizdan keltiradigan bo’lsak, biz bilgan qalampir.uz sayti ham dastlab qalampir.com nomi ostida bir kishi tomonidan oddiy blog shaklida yuritilgan.

Xulosa qiladigan bo’lsak, eng yaxshi va ishinchli blog bu veb sayt orqali yaratiladigan blog hisoblanadi. Agar bloggerlikka haqiqatdan qiziqadigan bo’lsangiz, unda, albatta, veb sayt oching.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications