NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi

“2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan belgilangan yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

Maqsadli koʻrsatkichlar, jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:

● nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qoʻllab-quvvatlash hajmini 2021-yilda kamida 1,2 baravarga, 2025-yilda 1,8 baravarga oshirish;

● Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlariga 2021-yilda 16 milliard soʻm, 2025-yilda 70 milliard soʻm mablagʻlar ajratish;

● mamlakatimizda eʼlon qilinadigan yilga oid davlat dasturida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini 2021-yilda 30 taga, 2025-yilda – 50 taga yetkazish;

● sodir qilinayotgan huquqbuzarliklarni nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan 2021-yilda 3,8 foizga, 2025-yilda 19,2 foizga kamaytirish;

● 2021-yilda 50 ta, 2025-yilda 250 ta nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini Davlat boshqaruvi akademiyasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

2021-yil 1-apreldan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi.

Mazkur ochiqlik indeksini ishlab chiqish va toʻliq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti joriy etiladi.

Doimiy vakil fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qoʻshgan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda faollik koʻrsatgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari orasidan Jamoatchilik palatasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Farmonga koʻra, 2021-yil 1-maydan “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portali ishga tushiriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications