Yangiliklar
Bosh sahifa / Davlat boji stavkalari / Notarial harakatlar bajarilganligi uchun davlat boji undirishning o‘ziga xos xususiyatlari qanday?

Notarial harakatlar bajarilganligi uchun davlat boji undirishning o‘ziga xos xususiyatlari qanday?

Notarial harakatlar davlat notarial idoralari tomonidan bajarilganligi uchun davlat boji notarial harakatlar amalga oshirilganda undiriladi, notarial idoralardagi ishlarda mavjud bo‘lgan hujjatlarning dublikatini, hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun esa ular berilayotganda undiriladi.
Davlat boji to‘lashdan bir taraf ozod etiladigan bitimlar bo‘yicha davlat bojini boshqa taraf to‘liq to‘laydi.
Davlat notarial idorasi depozitiga qabul qilish uchun pul summalari pochta orqali yoki bankdan kelib tushgan hollarda davlat bojining tegishli summalari kelib tushgan puldan ushlab qolinadi, ularning qoldig‘i esa depozitga qabul qilinadi. Ushlab qolingan davlat boji summalari davlat notarial idorasi tomonidan depozit summalari bankka navbatdagi topshirish chog‘ida budjetga o‘tkazilib, bank kvitansiyasi notarial idora ishlarida saqlanadi.
Davlat notarial idorasi binosidan tashqarida amalga oshiriladigan notarial harakatlar uchun davlat boji ikki baravar miqdorda undiriladi, bundan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarida notariuslarning sayyor qabullari chog‘ida amalga oshiriladigan notarial harakatlar, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning ishonchnomalarini notarial tartibda tasdiqlash mustasno.
Bir nechta merosxo‘r (shu jumladan qonun bo‘yicha, vasiyatnoma bo‘yicha va merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlar) mavjud bo‘lgan hollarda davlat boji har bir merosxo‘rga tegishli meros ulushidan hisoblab chiqariladi.
Voyaga yetmagan merosxo‘rlar (shu jumladan meros qoldiruvchilarning bolalari bo‘lmagan merosxo‘rlar) mavjud bo‘lgan taqdirda davlat boji faqat voyaga yetgan merosxo‘rlardan ularning merosdagi ulushiga mutanosib ravishda undiriladi.
Agar merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma merosxo‘rlarning arizasi bo‘yicha meros mol-mulkning bir qismiga berilayotgan bo‘lsa, davlat boji mol-mulkning berilayotgan guvohnomada ko‘rsatilgan qismi uchun belgilangan stavka bo‘yicha hisoblab chiqariladi. Keyinchalik mol-mulkning qolgan qismiga guvohnoma berilganida davlat boji mol-mulkning umumiy qiymatidan hisoblab chiqariladi, to‘lashga esa hisoblab chiqarilgan summa bilan birinchi guvohnoma berilganligi uchun to‘langan summa o‘rtasidagi farq taqdim etiladi.
Qonun bo‘yicha bir vaqtning o‘zida boshqa merosxo‘rlar mavjud bo‘lgan taqdirda, meros mol-mulkning bir qismi merosxo‘rlarga vasiyatnoma bo‘yicha o‘tgan hollarda davlat boji vasiyatnoma bo‘yicha mol-mulkning qismidan alohida hisoblab chiqariladi, qolgan mol-mulkning qismidan esa umumiy tartibda hisoblab chiqariladi.
Qonun bo‘yicha va vasiyatnoma bo‘yicha meros qilib olinayotgan mol-mulkdan merosning majburiy ulushi ajratilgan hollarda davlat boji qonunga binoan vorislik huquqi bo‘yicha o‘tayotgan butun mol-mulkning qismidan, shu jumladan majburiy ulush bilan birga hisoblab chiqariladi.
Sudlarning ilgari berilgan guvohnomalar haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi hal qiluv qarorlari asosida beriladigan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi takroriy guvohnomalar uchun davlat boji umumiy asoslarda undiriladi. Bunda birlamchi guvohnoma uchun to‘langan davlat boji summasi qaytarilishi yoki soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra yangi guvohnoma berganlik uchun beriladigan summa hisobiga, agar summalar budjetga o‘tkazilgan kundan e’tiboran fuqarolik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan da’vo muddati tugamagan bo‘lsa, o‘tkazilishi lozim. Sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan har qanday shartnoma takroran tasdiqlangan taqdirda ham masala xuddi shunday tartibda hal qilinadi.
Davlat notarial idorasi reyestrida takroriy guvohnomalar va shartnomalarni qayd qilishda tegishli katakchada davlat boji qachon va qancha summada undirilganligi hamda undirish to‘g‘risidagi yozuv qayerda borligi ko‘rsatiladi. Bunda notarial idora ishlarida qoladigan asosiy hujjatlarga sudning tegishli guvohnomalar va shartnomalarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorlari ilova qilinishi kerak.
Kredit tashkilotlari tomonidan beriladigan sertifikatlar va akkreditivlarga doir merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun davlat boji umumiy asoslarda undiriladi.
Er-xotinning birgalikda yashaganda olingan va er-xotindan birining vafotidan keyin qolgan mol-mulkka doir merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun davlat boji meros bo‘yicha haqiqatda o‘tayotgan mol-mulkning qismidan undiriladi.
Davlat boji mutanosib ravishda undiriladigan notarial harakatlar bajarilganda uni hisoblab chiqarish taraflar ko‘rsatgan summadan ushbu moddada belgilangan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli uylar, kvartiralar, dala hovlilari, garajlar, boshqa imoratlar, binolar va inshootlarni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji summasi ularning umumiy maydonidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Eng kam va eng ko‘p summa ko‘rsatilgan shartnomalarni tasdiqlashda davlat boji eng ko‘p summadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi va undiriladi.
Ayirboshlash shartnomalari bo‘yicha davlat boji qiymati yuqori bo‘lgan mol-mulkdan hisoblab chiqariladi.
Shartlariga ko‘ra to‘lovlar summasida ijaraga oluvchi tomonidan quriladigan imoratlar va boshqa inshootlar, xonalarni jihozlash qiymati, shuningdek ijaraga oluvchi tomonidan amalga oshiriladigan kapital ta’mirlash hamda boshqa shu kabilarning qiymati hisobga olinadigan mulk ijarasi shartnomasini tasdiqlashda hisoblab chiqariladigan va undiriladigan davlat bojining summasi amalga oshiriladigan xarajatlarning qiymati hisobga olingan holda belgilanadi.
Ijro yozuvlari bo‘yicha yozuvni amalga oshirganlik uchun tegishli davlat boji summasini to‘lashdan undiruvchi ozod qilingan taqdirda yozuv bo‘yicha qarz undirilayotgan chog‘da qarzdordan undiriladi.
0