
Oʻzbekistonda IT-eksportni rivojlantirishga oid huquqiy islohotlar
Nizomiddin Kozimov
Kiber huquq kafedrasi o’qituvchisi
Toshkent davlat yuridik universiteti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 14-oktabrda qabul qilingan PF-157-sonli Farmon IT sohasi eksporti bilan shugʻullanuvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim islohotlarni oʻz ichiga oladi. Bu hujjat orqali IT-park rezidentlari uchun qoʻshimcha faoliyat turlari joriy qilinib, ular xorijiy tillarni oʻqitish, biznes-jarayonlar autsorsingi va bilim jarayonlari autsorsingini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Farmonning asosiy maqsadi IT-kompaniyalarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish va IT sohasidagi eksport hajmini kengaytirishdan iborat. Shu munosabat bilan, 2025-yil 1-fevraldan 2030-yil 1-yanvarga qadar yiliga 10 million AQSh dollaridan ortiq eksport qiluvchi IT-park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari beriladi. Jumladan, ikki tomonlama soliqqa tortish toʻgʻrisida bitim tuzilmagan davlatlar kompaniyalari foyda soligʻidan ozod qilinadi.
Shuningdek, 2025-yildan 2040-yilgacha umumiy daromadining 50 foizidan ortigʻini eksport tashkil etgan kompaniyalar ta’sischilariga 5 foizlik daromad va foyda soligʻi stavkasi tatbiq etiladi. Bu chora-tadbirlar xorijiy investorlarni jalb qilishga, mamlakatda yuqori texnologiyali loyihalarni rivojlantirishga turtki boʻlishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida IT yoʻnalishida faoliyat yurituvchi fan nomzodi (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻlgan xorijlik professorlarga “IT-visa” taqdim etilishi belgilangan.
Davlat tomonidan raqamli texnologiyalar sohasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash dasturi 2028-yil 1-yanvargacha amalga oshiriladi. Bu esa mamlakatning IT-ekotizimini mustahkamlash va xalqaro darajadagi mutaxassislar sonini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu islohotlar Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi IT markazga aylantirish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.