“O’gay ona” romanidan ostiga chizilgan parchalar. Ahmad Lutfi Qozonchi

Ona tuqqan bolasiga jabr ko’rsatishi tabiiy, ammo o’gay bolasiga jabr ko’rsatishi JOHILLIKDIR.

******

Komil inson ishdan charchab uyiga kelar ekan o’z-o’ziga “Bugun qancha topdim?” deb emas “Qanday topdim? Topganimga harom aralashmadimi?” deya savol berar ekan.

******

…insonlik sharafi xayrli qaror qabul qilishdagina emas, balki turli aziyatlar qarshisida qabul qilingan qarorda sabr bilan davom eta bilmoqdadir.

******

Hamma ham qoshiq yasay oladi, ammo faqat ustasigina uning sopini qoq o’rtasidan chiqarishga qodir.

******

Muhtaram musulmonlar! Xutbamiz moda haqida. Bu millatni moda balosi mahv etgan. Moda atalmish bexosiyat odatlar keltirgan balo-yu gunoh dunyo va oxiratda bizga yetib, ortib ham qolur. Oilamiz islom odatlari bilan idora etilgan, odamlarimiz Allohdan qo’rqqan, millatimizga otalarimizning odat-u an’analari hokim bo’lgan zamonlarda rohatda edik, har sohada yo’limiz ochiq edi. Bugun yo’llarimiz emas, ayollarimiz ochiq. Islom odatlariga emas, ingliz, fransuz va boshqalarning odatlariga, Rasulullohning amrlariga emas, Ovro’padagi kimligi noma’lum, qandaydir axloqsizning xohishiga bo’ysunamiz. Ayni o’rinda Payg’ambarimizning bir hadisi sharifini naql etish joiz. Marhamat qiladilarki: “Kim qaysi qavmga taqlid qilsa, o’shalardandir!”
Agar Rasulullohning amrlariga modaga ahamiyat berganimiz kabi munosabatda bo’lganimizda edi, ko’plab pokiza va haqiqiy musulmon kishilar yetishardi. Agar modaga ketgan isrof, faqiru fuqaroga xarjlansa, necha bag’ri yaraga malham, qancha ko’ngli yarimga xursandchilik bo’lardi. Yilda bir necha bor o’zgaradigan modaga sarflangan xarajatlarning hisobi yo’q. “Bu yil oq libos kiyiladi”, deyildimi tamom… amr – amrdir. Kuchi yetgan yetmaganning ustida oq libos bo’lishi shart. “Bu yil oyoq kiyimlarning tovoni bir qarich bo’larmish, liboslarning etagi tizzasidan bir qarich yuqori chiqarmish, sochlar falon shaklga kirarmish”, deyilganidan so’ng past poshnali oyoq kiyim, etagi tizzani, oyoqni berkitadigan libos qidirib ko’ring-chi. Modaga berilgani uchun o’zini maymunday turli ko’rinishga solgan qanchalab kishilarning aslida uyida yeyishga tuzuk-quruq taomi yo’q…
Lekin biz ularni emas, modani boshlab beradigan boylarni aybdor deb bilamiz. Ilgari vaqtlarda to’yga keta turib faqirlar o’ksinmasin deya ziynatlarini taqmagan, havaslanib, ko’ngli tushmasin, og’rinmasin, xarajatga qiynalmasin deb hashamdor kiyinmagan olijanob insonlar bo’lgan ekan. Endi esa o’zidan boshqani o’ylamaydigan, barcha fazilati cho’ntagidagi puldangina iborat bo’lgan boylarimiz bor. Bugun har to’y uchun alohida kiyim tiktirmasa uyaladigan, o’n besh, yigirma bosh kiyimni kam deydigan ayollarimiz mavjud.
Bundaylarga Rasulullohning qizida faqat bir bosh libosi bo’lganini eslating. Bugun ustiga kiyishi uchun eng oddiy libosni topishga ham qiynaladigan, “bir muruvvat sohibini yo’lla, yo Rab”, deya ingrab, iltijo qilayotgan qancha ayollar borligini eslating. Insonlik sharafi va fazilati boylarning kim o’zargakiyinishi, bo’ylashib, bahslashishida emas, balki ochlarni to’ydirish, yalang’ochlarni kiyintirishda ekanini tushuntiring. Modaga sarf etilayotgan har tiyinning Alloh huzurida hisobi, javobi borligini aqllariga joylang.
Janoblar, hikoya demang, matal-cho’pchak deb tinglamang, uyiga haftada go’sht kirmagan, issiq sho’rva ichmagan, to’yib ovqatlanmaydigan qanchalab dindoshlarimiz bor… Biz qish kunlari issiq pech yonida iliqqina o’tirar ekanmiz, quruq, sovuq qozonlariga ko’z yoshlari tomgan birodarlarimiz qancha?! O’ylab ko’rsak, din va axloqiy jihatdan bizdan ko’p yuksak, Alloh huzurida bizdan sharafliroq qanchalab birodarlarimiz biz qorin to’qligidan me’damiz bilan mashg’ul paytlarimiz ochlikdan qiynalayotgan bo’ladilar.
Muhtaram musulmonlar!
Bilamizki, shunday boylarimiz borki, kunda yuzlab lira foyda ko’radilar, har kun go’sht, yog’ va asalga bo ‘kadilar, tag’in hech narsaga erishmaganidan, huzur topmaganidan, bir millioni ikki millionga chiqmaganidan shikoyat qilishadi. Bundaylardan muruvvat kutmaymiz. Faqat boy xotinlarining tirnoq bo’yog’iga xarjlaganicha pul topish uchun eshikma-eshik yurib odamlarning kirlarini yuvishga majbur bo’layotganlarini unutmaylik.
Ayrilishni istamaganimiz bu dunyodan yolg’iz kafan bilan birga ayrilar ekanmiz, yonimizdan yaxshiliklarimiz, ibodatlarimizgina joy olishini, oxiratda bizga yeganlarimiz emas, yedirganlarimiz, kiyganlarimiz emas, kiydirganlarimiz foyda keltirishini unutmaylik.
Modomiki, el eshigida tilanchi emas ekanmiz, bunga shukrona o’laroq, un, o’tin topolmagan, holini birovga arz etolmaganlarni yo’qlamasak, yordam bermasak, Allohning so’roqlariga qanday javob beramiz? Ertaga, qilgan isroflarimizning gunohlari qarshisida ter to’kib, pushaymon bo’lmasdan burun o’zimizga kelaylik, bu xil qashshoqlikning va isrofgarchilikning oldini olaylik.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications