O’gay ota-ona va bola o’rtasidagi aliment munosabatlari qanday?

Oila kodeksining 127-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, o‘gay ota yoki o‘gay onaning tarbiyasida yoki ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizlarning ota-onasi yo‘q bo‘lsa yoxud o‘z ota-onasidan yetarli mablag‘ ololmayotgan bo‘lsa, ularga ta’minot berish majburiyati o‘gay ota yoki o‘gay ona zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Bu aliment majburiyati qon-qarindoshlik munosabatiga asoslangan bo‘lmay, o‘gay ota yoki o‘gay ona tomonidan o‘gay bolalarni tarbiyalaganlik yoki ta’minlaganlik yuridik faktiga asosan kelib chiqadi. O‘gay bolalarga o‘gay ota yoki o‘gay ona tomonidan tarbiya va ta’minot berilganlik yuridik fakti ularning bir oilada birga yashaganliklari bilan tasdiqlanishi mumkin. Aliment majburiyatini belgilash uchun o‘gay ota yoki o‘gay ona bilan o‘gay bolalarning uzoq vaqt birga yashagan bo‘lishlari shart emas.
O‘gay ota yoki o‘gay ona bilan o‘gay bolalar o‘rtasidagi aliment majburiyati ta’minot berish uchun majbur bo‘lgan boshqa qarindoshlar bo‘lmagan holda vujudga keladi. Oila kodeksining 128-moddasiga binoan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘gay ota yoki o‘gay onaning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, ularga ta’minot berish majburiyati o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizlar zimmasiga yuklatilishi mumkin.

O‘gay bolalarning o‘gay ota, o‘gay onaga aliment berish majburiyati belgilangan bo‘lib, u o‘z mazmuniga ko‘ra, amaldagi Oila kodeksining 127-moddasida belgilanganidek, bolalarning o‘z ota-onasiga ta’minot berish majburiyatlariga o‘xshashdir.  O‘gay bolalarda o‘gay ota-onaga aliment to‘lash majburiyatining kelib chiqishi uchun, birinchidan, o‘gay ota yoki o‘gay onaning o‘z ota-
onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) hamda voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasligi yoxud ulardan qandaydir sabablarga ko‘ra ta’minot uchun mablag‘ olishlari mumkin bo‘lmasligi, ikkinchidan, ta’minot talab qiluvchi o‘gay ota, o‘gay ona mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bo‘lishi shart.

Aliment to‘lovchi bolalarning o‘zi voyaga yetgan mehnatga layoqatli va ta’minot berish imkoniyatiga ega bo‘lishlari shart. Bu talablar ham aliment majburiyatini belgilashda zaruriy shart hisoblanadi.

Quyidagi hollarda sudga o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizni mehnatga layoqatsiz yordamga muhtoj o‘gay ota yoki o‘gay onaga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilish huquqi berilgan. Bular jumlasiga o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizning tarbiyasi va ta’minoti uncha uzoq davom etmagan (ya’ni, 5 yildan kam muddatni tashkil etgan) bo‘lishi, shuningdek, o‘gay ota yoki o‘gay ona o‘gay o‘g‘li va o‘gay qizini tarbiyalash yoki unga ta’minot berish borasidagi o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi
kiradi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications