“Oʻrmon xoʻjaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-fevraldan quyidagilar tashkil etiladi:
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasida Ilmiy tashkilotlar faoliyati va innovatsiyalarni joriy etishni muvofiqlashtirish boshqarmasi;
Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti huzurida davlat muassasasi shaklidagi Pistachilik ilmiy-tajriba stansiyasi hamda Oʻrmon iqtisodiyoti boʻlimi.
Shuningdek, qoʻmita tizimidagi Oʻrmon va dorivor oʻsimliklar urugʻchiligini tahlil qilish markazi tugatilib, Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutiga beriladi.
“Oʻrmonloyiha” DUK negizida davlat muassasasi shaklidagi “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti tashkil etiladi.
Qaror bilan mazkur institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilandi.
Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi umumiy tushumlarining 5 foizi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti va uning tizimidagi ilmiy tashkilotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda xodimlarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.