norma.uz portali 2021-yil 1-apreldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.
Bir qator soliq imtiyozlarining amal qilish muddati tugaydi
2021-yil 1-apreldan boshlab Prezidentning 14.03.2007-yildagi “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3860-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotadi. Tegishli ravishda, ushbu sanadan boshlab unda nazarda tutilgan quyidagi soliq imtiyozlarining amal qilishi toʻxtatiladi:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni soʻndirish xarajatlariga hamda lizing obyekti qiymatini toʻlashga yoʻnaltirilgan investitsiya summalariga foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz;
soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qoʻllaydigan yuridik shaxslarning 5 yil mobaynida yagona soliq toʻlovi bazasini yangi sotib olingan texnologik asbob-uskunalar qiymatiga, biroq soliq solinadigan bazasining 25%idan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirish huquqiga doir imtiyoz.
Elektr texnikasini ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarga – soliq imtiyozlari
1.01.2024-yilga qadar muddatga hisobot davri yakunlari boʻyicha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80%idan kam boʻlmagan elektrotexnika tarmogʻi korxonalariga foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha stavkalarni 50%ga kamaytirish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.
Mis xom ashyosini birja savdolari orqali xarid qilishda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalari tomonidan toʻlovning 25%ini avans tarzida va qolgan 75%ini mis xom ashyosi olinganidan soʻng 90 ish kuni ichida har oyda teng ulushlarda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Bunda “Olmaliq KMK” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan mis katodini birja savdolariga qoʻyishda uning boshlangʻich narxi QQSsiz London metall birjasi narxidan 1.04.2021-yildan 8% miqdoridagi chegirmalar bilan belgilanadi.
Davlat funksiyalari xususiy tashkilotlarga oʻtkazilishining keyingi bosqichlari
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida oʻtkaziladigan tajriba doirasida malaka shahodatnomasiga ega koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandislariga koʻchmas mulk obyektlariga birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash huquqi beriladi.
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish huquqi beriladi.
Davlat organlari rahbarlarining masʼuliyati oshiriladi
Barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga masʼul boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda Prezident Administratsiyasining Ijro intizomini taʼminlash shuʼbasi bilan kelishiladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzganlik uchun jazo choralari toʻgʻrisidagi yangi modda kiritiladi.
Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi.
Masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.
Davlat xaridlari sohasidagi oʻzgarishlar
Davlat xaridlari ijrochisining muassislari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Moliya vazirligi va DSQ axborot tizimlari oʻrtasidagi axborot almashinuvidan foydalangan holda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritiladi.
Sogʻlom ovqatlanish. Import mahsulotni nazorat qilish. Eksport qiluvchilarga kompensatsiya toʻlash
Oliy nav bugʻdoy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi. Shu munosabat bilan unni boyitish uchun mikronutriyentlar boʻyicha (TIF TN kodi 2106 90 980 3) import bojxona bojining nol darajali stavkasi joriy etiladi.
Xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari yuk xonalarini karantin nazoratidan oʻtkazish va “detektor – xizmat it”laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.
Mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bogʻliq chet eldagi xarajatlarining 50%i Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Qishloq xoʻjaligidagi oʻzgarishlar
Tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish va 7 yil muddatda toʻlash sharti bilan aholiga sotish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi aʼzolariga oʻzlari tomonidan import qilingan qoʻy bosh sonining 50%idan oshmagan qismini tirik va xom goʻsht koʻrinishida (TIF TN boʻyicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.
Zargarlik sanoatidagi oʻzgarishlar
Zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamgʻasi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamgʻasi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi.
Affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga oʻzlari ishlab chiqargan oʻlchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi.
Quyidagi hollarda qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish talab etilmaydi:
naqd pulda oʻzaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi 600 BHMdan oshmagan taqdirda;
operatsiyaning umumiy summasidan qatʼi nazar, oʻzaro hisob-kitob naqd pulsiz va jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilganda.
Intellektual mulk
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi.
Intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi. Bunda intellektual mulk obyektini muhofazaga olish uchun topshiriladigan talabnoma boʻyicha dastlabki qidiruv tomonlarning kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi.
NNT faoliyatining ochiqligi taʼminlanadi
NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi. U Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi. Indeks natijalari ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi. NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksini ishlab chiqish va toʻliq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi
Kam taʼminlangan oilalarni aniqlash “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT orqali amalga oshiriladi.
Vasiylik va homiylik ostida boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining “FHDYO yagona elektron arxivi” ATga taqdim etish idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
Ota-onalik huquqidan mahrum boʻlgan ota-onalar va ularning bolalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining “FHDYO yagona elektron arxivi” AT hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti oʻrtasida idoralararo axborot almashinuvi orqali taqdim etish tavsiya etiladi.
Respublikadagi davlat, nodavlat, xorijiy oliy taʼlim muassasalariga, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarga oʻqishga qabul qilish va tegishincha oʻqishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish yagona elektron maʼlumotlar bazasida amalga oshiriladi.
Davlat va nodavlat umumiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish va tegishincha oʻqishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish faqat yagona elektron maʼlumotlar bazasida amalga oshiriladi.
Uy-joy narxlarini maqbullashtirish
Yangi tartib doirasida uy-joy narxlarini pasaytirish maqsadida:
qishloq joylarda 5 va undan ortiq qavatli, shaharlarda 9 va undan ortiq qavatli koʻp kvartirali uy-joylar shaharsozlik normalariga va ikkinchi darajali issiqlik muhofazasi qoidalariga muvofiq, monolit temir-betonli va yirik panelli konstruksiyalar, shuningdek boshqa qurilish materiallari asosida daha shaklida quriladi;
turar joy dahalarini qurish loyihalarini ishlab chiqish hamda tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalarini qurish ishlari quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:
shaharlarda − “Ye-IJRO AUKSION” elektron auksioni orqali koʻp kvartirali turar joylarni qurish uchun yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar hisobiga;
qishloq joylarda – Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari hisobiga;
koʻp kvartirali turar joylarni qurish uchun geologiya va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jihatidan eng optimal variantlar hisobga olingan holda hududlar qurilishi loyihalariga mos keladigan butun daha shaklidagi yer uchastkalari tanlab olinadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga shaharlarda (Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan tashqari) koʻp qavatli uy-joylarni qurish uchun yer maydonlarini elektron auksionlarni oʻtkazmasdan taqdim etish huquqi beriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan aholi punktlarini istiqbolli rivojlantirish hududlarida joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilishiga ruxsat beriladi;
uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun moʻljallangan sement hamda metall prokati boʻyicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
1.10.2021-yilga qadar sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) respublika hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi.
Seysmik xavfsizlikni taʼminlash
Respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, koʻp qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
Kimlar nufuzli xorijiy oliygohlarda taʼlim oladi
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 baravarga oshiriladi.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan xorijda bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish tizimi joriy etiladi;
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʼlim dasturlari boʻyicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida respublikaning barcha fuqarolari uchun muntazam ravishda oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʻqish dasturlari uchun stipendiya tanlovini oʻtkazish tartibi yoʻlga qoʻyiladi.
Ayrim mutaxassislarning ish haqi oshiriladi
Quyidagilarning:
Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori – oliy toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga;
kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori – bosh oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.
Quyidagilarning:
XTV huzuridagi Respublika taʼlim markazi direktorining bazaviy lavozim maosh miqdori oliy taʼlim muassasasi rektorining lavozim maoshiga tenglashtiriladi;
direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlarining lavozim maosh miqdori – oliy taʼlim muassasasi prorektorining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;
tarkibiy boʻlinmalar boshliqlarining lavozim maosh miqdori – fakultet dekanining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.
Ot sportini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadigan “zootexnik”, “veterinar-shifokor”, “feldsher-veterinar”, “usta-chavondoz”,
“ot parvarishlovchi”, “taqachi” mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar toʻlanadi.
Pochta xizmatlari – autsorsing asosida
Olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi obyektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi. Bunda pochta aloqasi xizmati haqi koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlari va barcha turdagi toʻlovlar summasining 10%i miqdorida belgilanadi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mablagʻlarning oʻziga yoʻnaltiriladigan qismi hisobidan toʻlab beriladi.