Prezident tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.
Quyidagi hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi:
- Prezidentning 23.08.2017-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3234-son qaroriga 1-ilova, 2-ilova (1);
- Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom (25.12.2018-yildagi PQ-4076-son qaror bilan tasdiqlangan) (2);
- Prezidentning 28.06.2019-yildagi “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4375-son qaroriga 1-ilova, 3-ilova.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tarkibi hamda Mudofaa vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hokimliklari huzuridagi Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmalari namunaviy tarkibi yangilandi (1).
Nizomning (2) 4-bandiga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlari huzurida hududiy tibbiy komissiyalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yigʻish punktlarida harbiy-tibbiy komissiyalar tashkil etiladi.
Shuningdek aniqlashtirilishicha, yigʻish punktlaridagi harbiy-tibbiy komissiyalar va hududiy tibbiy komissiyalar oʻz faoliyatini Prezidentning 6.03.2020-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4630-son qaroriga, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 27.02.2021-yildan kuchga kirdi.