Oʻzbekistonda 13-mart kuni umumxalq xayriya hashari oʻtkaziladi

Hukumatning tegishli farmoyishiga binoan, “Navroʻz” umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish maqsadida 2021-yil 13-mart kuni mamlakatimizning barcha hududlarida “Obod va koʻrkam mahallam” obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish belgilandi.

Umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish boʻyicha Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari O.Ramatov rahbarligida ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Xayriya hasharini oʻtkazishda quyidagilarga eʼtibor qaratish alohida qayd etildi:

mahallalar, aholi punktlari, koʻp qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;

“Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda gul koʻchatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, daraxtlarni oqlash va butash;

umumxalq hashari doirasida boʻlmagan boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-taʼmirlash va qishloq xoʻjaligi ishlariga majburiy jalb etishga qatʼiy yoʻl qoʻyilmagan holda obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, ish oʻrinlarini tartibga keltirish ishlarini amalga oshirish;

avtomobil yoʻllari, harakatlanish tigʻiz boʻlgan koʻchalar, suv obyektlari, qirgʻoqboʻyi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilishi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni oʻtkazish taqiqlanganligini qatiy nazoratga olish;

ushbu targʻibot-tashviqot tadbirlarida joylarda ish beruvchilar tomonidan hasharda koʻzda tutilgan ishlar uchun ishchilarni majburiy tarzda jalb etishga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik, shunday holatlarga yoʻl qoʻygan mutasaddilarga jazo choralarini qoʻllash.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications