Oʻzbekistonda boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablari tashkil etiladi. Oʻqish 7-sinfdan, taʼlim olish muddati 5 yil

“Boksni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, dastlab quyidagi hududlarda Turizm va sport vazirligi huzurida boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablari davlat muassasasi sifatida tashkil etiladi:

Andijon viloyati (Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari);

Buxoro viloyati (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari);

Qashqadaryo viloyati (Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari);

Toshkent viloyati (Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri).

Boks maktablari faoliyati iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish va ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yoʻnaltiriladi.

Oʻqish 7-sinfdan tashkil etiladi, taʼlim olish muddati 5 yil etib belgilanadi.

Qaror bilan Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda uning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

Unga koʻra, 2025-yilgacha quyidagilarni amalga oshirish belgilangan:

sport taʼlim muassasalaridagi boks bilan muntazam shugʻullanadigan oʻquvchilar sonini 27 minggacha yetkazish;

kelgusi 5 yil ichida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 7 ta boks zallarini tashkil etish;

boks boʻyicha terma jamoalarning 46 ga yaqin xalqaro sport musobaqalarida ishtirokini taʼminlash.

2021/2022 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida boks boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki baravarga oshiriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications