Ona tilim, ruhimning qanotisan!

Har birimiz davlat tiliga bo’lgan e’tiborni mustaqillikka bo’lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak.

Sh.Mirziyoyev. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti

 

 

Har bir davlat, har bir millat, birinchi navbatda, oʻzining yuksak madaniyati bilan kuchlidir. Bebaho boyligimiz – davlat tilimiz xalqimiz maʼnaviyatining koʻzgusidir. Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimovning, “oʻz tilini yoʻqotgan har qanday millat oʻzligidan judo boʻlishi muqarrar”, degan ibratli gaplarida juda katta maʼno yotibdi. Chunki, til xalqning madaniyati, maʼnaviyati va tarixining timsolidir. Davlatimiz tomonidan oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi mamlakatimizda tilga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan dalolat beradi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi milliy mustaqillik uchun kurashning qizgʻin pallalariga toʻgʻri keladi. 1989-yil 21-oktyabrda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi oʻz vaqtida oʻzbek xalqi uchun katta maʼnaviy-huquqiy ozuqa boʻldi. 1995-yil 21-dekabrda Birinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining toʻrtinchi sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Darhaqiqat, davlat tilini izchil joriy etishni takomillashtirish, qonunning hayotga tatbiq etilishini kuchaytirish, shu bilan birga, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtish lozim boʻlgan ijtimoiy zaruriyat hisoblanadi. Chunki ular bir-birisiz amalga oshmaydigan jarayonlar, yaʼni davlat tilini bilmasdan, oʻrganmasdan turib oʻzbek-lotin alifbosini oʻzlashtirib boʻlmaydi. Respublikamiz miqyosida rasmiy hujjatlar va ish faoliyatlar lotin-oʻzbek yozuvida boʻlganidan keyin, uni har bir Oʻzbekiston fuqarosi hayot taqozosiga koʻra ongli ravishda oʻrganishga harakat qiladi. Yangi tahrirdagi qonunning afzallik jihati shundan iboratki, u shaklan va mohiyatan yangilangan. Til va uslub jihatidan soddalashgan, ixchamlangan. Huquqiy asoslari aniqroq, qatʼiyroq, amaliyotga muvofiq darajada ifodalangan.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi teng huquqli millat va elatlardan birining tiliga davlat tili maqomiga barobar imtiyoz berish mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga, yaʼni “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, degan normaga, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonunning ikkinchi moddasiga ham toʻgʻri kelmas edi. Shu jihatdan, yangi tahrirdagi qonunning 3-moddasi soʻnggi bandida shunday deyilgan: “Ushbu qonun tillarning turmushda, shaxslararo muomalada ham diniy va ibodat bilan bogʻliq udumlarni ado etishda qoʻllanishini tartibga solmaydi.

Fuqarolar millataro muomala tilini oʻz xohishlariga koʻra tanlash huquqiga egadirlar”[1].

Haqiqatdan ham, oʻzbek xalqining milliy ongi, vatanparvarlik va millatparvarlik tuygʻulari yuksak darajada shakllansa, oʻshandagina davlat tili har tomonlama oʻzining oliy choʻqqisiga erishadi.

Mustaqillik sharofati bilan biz jahon hamjamiyatiga aʼzo boʻldik. Mamlakatimizga turli maqsadlar bilan kirib kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolarining soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Bu tabiiy hol albatta. Dunyo tillari orasida muomala jarayonida ingliz tili ham oʻziga hos oʻrin tutadi. Hattoki kelajakda ingliz tili boshqa tillar bilan raqobatlashib, muomala jarayonidagi asosiy tillardan biriga aylanishi ham mumkin. Bu muammoga Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasida soʻzlagan “Barkamol avlod – Oʻzbekiston taraqqiyotining poydevori” nomli maʼruzasidan kelib chiqib qaraydigan boʻlsak: “…shunga alohida urgʻu berishimiz zarurki, chet tillarii oʻrganish, minbaʼd ona tilini esdan chiqarish hisobiga boʻlmasligi lozim. Oʻz fikrini mutlaqo mustaqil, ona tilida ravon, goʻzal va loʻnda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni avvalambor, rahbar kursisida oʻtirganlarni bugun tushunish ham, oqlash ham qiyin”.

Oʻzbek tili oʻz vatanida davlat tili maqomida mustahkam turishi uchun u jahon tillari orasida munosib oʻrin egallashi lozim. Buning uchun uni jahon tillariga tanitish, jahon xalqlari ham uni tan olishi kerak.

Taʼkidlash oʻrinliki, prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2019-yil
21-oktyabr kuni «O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida» Farmoni qabul qilinishi ham o‘zbek tarixida o‘chmas iz qoldirdi desak, adashmagan bo‘lamiz. Farmonga binoan, 21-oktyabr sanasi yurtimizda «O’zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi.

Ma’lumot oʻrnida shuni keltirib oʻtish kerakki, hozirgi kunda yer yuzi aholisi qariyb 7,5 milliarddan ziyod. Ular 2976 tilda gaplashadi. Maʼlumotlarda tillarning miqdori 3000 dan ortiq deb koʻrsatiladi. Shundan 200 tilning har birida 1 milliondan ortiq, 70 tilning har birida 5 milliondan ziyod, faqat 13 tilning har birida
50 milliondan ortiq kishi soʻzlashadi. Qolganlarining har birida esa 1 milliondan oz kishi gaplashadi.

Dunyodagi tillar kelib chiqishi, lugʻaviy va grammatik jihatdan yaqinligiga qarab, bir necha til oilalariga boʻlinadi. Yer yuzida 20 ga yaqin til oilasi bor[2].

Xususan, turkiy tillar oilasiga mansub o‘zbek tilida dunyo miqyosida
50 millionga yaqin odam so‘zlashadi.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida 2020-yil 20-okryabr kuni “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Farmoni qabul qilinin, unda 2020 — 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi ishlab chiqildi hamda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida mamlakat taraqqiyotining yangi davrida davlat tilini rivojlantirishni yuksak bosqichga ko‘tarish asosiy qoida qilib belgilandi.

Davlat tiliga amal qilinishini nazorat qilish maqsadida esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari etib:

davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish; davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish; o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish; davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish; davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish va boshqalar belgilandi.

Demak, yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, amalga oshirilayorgan har bir islohot va qabul qilinayotgan qonunlarning zamirida davlat tilini o’bro’sini yanada yuksaltirish yotibidi.

Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, “Davlat tili haqida”gi qonunning amalga izchil tatbiq etilishi, ona tilimiz nufuzini, huquqiy maqomini yuksaltirijak. Buyuk kelajak yaratayotgan el maqomining yuksalishi ona tili maqomini ham yuksaltiradi.

Zero, davlat tili – millat shaʼni va gʻururidir. Rus tarixchisi Shobelev til haqida quyidagicha fikr bildirgan: “millatni yo‘q qilish uchun u yerga qurol ko‘tarib borish shart emas, uning tilini ma’naviyatini, adabiyotini yo’q qilish kerak, shunda millatning o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi”. Yuqoridagi tarixchini fikridan kelib chiqqan holda biz o‘z ona-tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go‘zal va sofligini kelajak avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, bundan tashqari ona tilimizni dunyoga tanitishda o’z hissamizni qo’shishimiz darkor. Zero, “til yashasa, millat yashaydi”.

 

[1] Oʻzbekistonning yangi qonunlari. 12. – Toshkent.: “Adolat”, 1996-y. 50 b.

[2] https://uz.wikipedia.org/

 

Binakulov Alijon Boli o’g’li

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali Jinoyat-huquqiy fanlar kafedrasi o’qituvchisi    

Tojiboyev Ibrohim Xayridin o’g’li

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 2-bosqich talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications