Onur Qoplon – Alfido asari haqida

“Bir hikoyam bor… Yo‘nilgan qoyalar orasidan telbalarcha ko‘pirib toshgan bir tomchi suvda g‘arq bo‘lganim haqida… O‘zim ham bilmaydigan bir baliqning qornidan so‘zlayapman senga. Bu yer zimiston va xilvat joy. Men esa qorong‘ilikdan juda qo‘rqaman… Senga do‘stlarcha qo‘l uzatyapman: sening hikoyangda senga poyabzalimni tuhfa qilish uchun, mening hikoyamda meni tushuna olishing uchun. Iltimos, menga yaxshi qaragin…”

“Alfido” kitobidan.

Inson dunyoga kelar ekan, ikki yo’lga duch keladi, biri yaxshilik, boshqasi yomonlik. Alloh taolo bandasiga aql berib, unga shu ikki yo’lni taklif qildi. Ba’zi bandalari aqlini ishlatib yaxshilik yo’lini tutishi kerakligini angladilar, yana ba’zilari aqlni ishlatib yaxshilik yo’lini o’zi uchun yaxshiligini bilib, ammo nafsiga yengilish natijasida u yo’ldan yura olmadilar, lekin taslim ham bo’lmadilar, aksari bo’lsa aqlni ham ishlatmasdan nafsga yoqqan yo’l bo’lmish yomonlik yo’lini tutdilar. Kitob aynan ikkinchi yo’l – aqlni ishlatganu, lek nafsiga yengilgan, ammo taslim bo’lmagan bir qizning hayoti haqida.

Kitobni o’qir ekansiz yozuvchining tamsil va tashbehlarining go’zalligiga maftun bo’lasiz. Kitob ko’rinishidan kichikkina bo’lishiga qaramay, yaxshilab mushohada qilib o’qiyman desangiz ancha vaqtingizni oladi. Men ba’zi kunlar kitobni o’qiy ham olmadim, yozuvchi shu darajada muroqabaga* chorlaydiki o’zingizdan uyalib ketasiz. Aynan shu joylarida kitobga bor diqqatingizni qarating, u yerlarni kichik sanamang, zero kitobning mag’zi aynan o’sha yerlardadir.

*Ibn Qoyyim rohimahulloh: «Muroqaba bandaning davomli ravishda Alloh subhanahu va taolo uning zohiri va botinidan xabardor bo‘lib turganini bilishi va ishonishidir», degan. (islom.uz saytidan)

Kitobning muqovasiga kelsak, muqovada qizning suratini ko’rgan yigitlar, qizlarga atalgan kitob ekan deb, batafsil qiziqmasdan turib o’qimaslikka qaror bermang. Kitob o’smirdan tortib qariyagacha jins tanlamaydi. Har kim kitobdan o’ziga yaxshi xulosa chiqaradi.

Tarjimaga kelsak, o’qishlik tarjima bo’lgan. “MISBAH” jamoasi tarjimoni Abror aka Adham o’g’li tarjimani shu darajada qilganlarki, bu tarjimalari tufayli iste’moldan chiqib ketgan so’zlarimiz qaytadan hayotimizga kirib kelsa neajab… O’qiyotganingizda izohli lug’atga 5-10 marotaba ishingiz tushishi mumkin..
Kitobning muqovasi yumshoq, qog’oziga kelsak, juda ham sifatli. O’zbekcha kitoblar ichida bunday muqovali kitobni ilk bora ko’rdim.

Kitob foydadan holi bo‘lmaydi deb umid qilaman.

Abror Siddiq
Sharh muallifi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications