O’rxun-enasoy yozuvi yodgorliklarining dunyo tamaddunida tutgan o’rni va ahamiyati

Annotatsiya: Turk degan nom Turk xoqonligi davrida ilgari ham turkiy tilda so‘zlashadigan, irqiy va urf-odat jihatidan bir-biriga o‘xshash yoki yaqin turkiy hamda turkiylashgan (masalan, qitaniylar) qavmlarning siyosiy birlashmasini bildirardi.

 

Kalit so‘z: Yodgorliklar, turk xoqonligi, jujanlar,oq xunlar, sosoniylar sulolasi, urxun va enisey yozuvi, Kul tigin bitigtoshi, Bilga xoqon bitigtoshi

 

O’rxun-Enasoy  yozuvi, qadimgi turk runik yozuvi tosh, metall, yogʻoch va toshga oʻyib bitilgan qadimgi turkiy yozuvlar. V-VIII-asr (baʼzi manbalarda VIII-X-asr)larga mansub. O’rxun-Enasoy  yozma yodgorliklarining topilish tarixi, bu yodgorliklar yuzasidan XVIII-XIX asrlarda bo‘lib O’rxun-Enasoy yozuvi haqida dastlab XVIII-asrning boshlarida rus olimi S. Remezov, keyinroq shved olimi F. Stralenberg hamda nemis olimi D.G. Messershmidtlar xabar bergan. Bu yozuv (lar)ning turkiy xalqlarga mansubligini birinchi marta fransuz olimi J.P. AbelRemyuza. Oʻzbekistonda Fitrat, A.Qayumov, N.Rahmonov  asardan namunalar va tadqiqot ishlarini chop qildirgan. O‘zbek olimlari ham qator fikr-mulohazalar bildirganlar. Bitiktosh ikki qismdan: Kichik va Ulugʻ bitikdan (muallifi Yoʻllig tigin) iborat. Vatan manfaati yoʻlida xizmat qilish, mamlakatning mustahkam, osoyishta boʻlishi uchun kurash bitikoshlarda bosh maqsad ekani aytiladi. Asarda Tabgʻach, Tibet, Sugʻd, Turgash, Qirgʻiz kabi joy nomlari tilga olingan. Enasoy bitiklari marsiya va madhiya janrlarining qadimgi turk adabiyotidagi ildizlari haqida tasavvur beradi. Mazkur yozuv, arab yozuvi singari, oʻngdan chapga qarab yozilgan va oʻqilgan. O’rxun-Enasoy yozuvi 38 belgi (harf)dan iborat boʻlib, fonetik yozuv tizimiga kiradi. Har bir tovush yoki tovushlar birikmasi maxsus harflar bilan ifodalanib, bir-biriga ulanmay, yakka-yakka yozilgan.   Urxun   va Yenisey daryolari havzalaridan topilganligi sababli shu nom bilan yuritiladi. Tashqi koʻrinishidan got (qadimgi. german) yozuviga oʻxshash boʻlganligi uchun runik yozuv deb ham atalgan. Biz bu o‘rinda qadimgi turkiy yodgorliklarning yaratilishiga sabab bo‘lgan tarixiy sharoit va madaniy muhit to‘g‘risida qisqacha to‘xtalamiz. Oʻrxun-Enasoy obidalari V-VIII asrlarda qadimgi turk tilidagi va yozuvidagi tarixiy yodgorlik sifatida qadrli. Moʻgʻulistondagi Oʻrxun va Janubiy Sibirdagi Enasoy daryolari sohillarida topilgani uchun ham shunday nomlangan. Moʻgʻulistondan Shimoliy dengizlargacha, Uraldan Saxalinga qadar davom etgan hududda shu yozuvdagi yodnomalar uchraydi. Shimoliy Kavkazda 15 asrda ham Oʻrxun yozuvidan foydalanilgan. Oʻzbekiston hududida (Fargʻona, Surxondaryo v.b. joylar) dan 20 dan ortiq turkiy-run yozuvi yodgorliklari topilgan.

Ma’lumki, turk xoqonligi barpo bo‘lmasdan oldingi Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy tarixi jujanlar (manqurtlar) tarixi bilan ham bog‘liq. Lekin ungacha ham turkiy qavmlar Markaziy Osiyoning turli hududlarida xonliklarga uyushgan, siyosiy jihatdan esa tarqoq holda yashardilar. Bu qavmlarni jujanlar temir qurollar yasashga, turmushda kerak bo‘ladigan ashyolar yasashga majbur qilardilar. Jujan xonlari turkiy qavmlarni “temirchi qullarim” deb haqoratlardilar. Jujanlar asoratidan qutulish uchun 535-yili boshlaangan harakat 545-yilga kelib kuchaydi. Turkiy qavmlar g‘arbiy To‘ba sulolasi bilan hamkorlikda jujanlarga qarshi kurashga otlandilar. Lekin jujanlar bilan urush boshlash uchun bir bahona kerak edi. Ashin urug‘ining yo‘lboshchisi Bo‘min jujanlar xoni Aynahayning qiziga sovchi jo‘natdi. Bo‘minning xatti-harakati Aynag‘ayga haqorat bo‘lib tuyuldi va Bo‘minning elchilari orqali unga haqoratomuz javob berdi. Bo‘minga aynan shu javob kerak edi. Bo‘min vaqtni qo‘ldan boy bermay, jangga otlandi. Tez orada Bo‘min Aynag‘ayni tor-mor qildi. Bu voqea 551 yilda yuz bergan edi.

Bo‘min jujanlar asoratidan qutulgandan keyin Bo‘min Turk xoqonligiga asos soldi. Turk xoqonligi juda katta hududni – SHimoliy Mo‘g‘ulistondan tortib Amudaryogacha bo‘lgan joylarni o‘z ichiga olgan edi. SHuncha katta davlatni markazdan turib boshqarish qiyin edi. Shu boisdan Bo‘min xoqon Istamini yabg‘u unvoni bilan Turk xoqonligining g‘arbiy qismini – O‘rta Osiyo qismini boshqarish uchun jo‘natdi. (Yabg‘u so‘zi harbiy unvonni bildiradi, bu unvon Kushon imperiyasidan davom etib kelgan bo‘lib, turkiylar oq xunlar sulolasidan o‘zlashtirganlar. Yabg‘u – g‘arbiy Turk xoqonligida oliy unvonning nomi bo‘lib, ko‘pincha yabg‘u qag‘an tarzida ham qo‘llanadi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, yabg‘u – xoqonga tengdir.) O‘zi esa xoqonlikning sharqiy qismini boshqarish uchun Qoraqurum shahrida maskan topdi.

Turk degan nom Turk xoqonligi davrida ilgari ham turkiy tilda so‘zlashadigan, irqiy va urf-odat jihatidan bir-biriga o‘xshash yoki yaqin turkiy hamda turkylashgan (masalan, qitaniylar) qavmlarning siyosiy birlashmasini bildirardi. Turk xoqonligi davrida bu jarayon o‘z rasmiy maqomiga ega bo‘ldi. Shuningdek, qadimgi turk davrida turkiy qavmlar yagona nom bilan “ko‘k turklar” deb yuritiladigan bo‘ldi. Ko‘k turk – ilohiy turk deganidir. Turkiy qavmlar yaratgan mifga ko‘ra, ular osmonni – ota, erni ona deb tasavvur qilganlar. Shu bois o‘zlarini ham osmon bolalari deb aytardilar va ko‘k turk degan mifologik nom ularning rasmiy nomiga aylanib qoldi. Garchi turk yoki turkiy degan nom milodiy V asrlardan qo‘llana boshlagan bo‘lsa ham, hamma qavmlar va xalqlarning kelib chiqishi kabi, etnik jarayonning shu davrdan boshlanganini ko‘rsatmaydi, balki turkiy qavmlar qadim zamonlardan beri bor va ularning qavm sifatida mavjudligini ashyoviy dalillar – arxeologik yodgorliklar tasdiqlaydi. O‘rta Osiyo, Oltoy, Qozog‘iston kabi tarixi qadim o‘lkalardan topilgan inson.

Bo‘min xoqon 552 yili olamdan o‘tdi. Ota vafotidan keyin, qadimgi turk xoqonligi qonunlariga binoan, to‘ng‘ich o‘g‘il Qoraxon taxtga o‘tirdi. Lekin oradan bir yo‘l o‘tar-o‘tmas, Qoraxon ham olamdan o‘tdi. Uning vafotidan keyin o‘rtancha o‘g‘il Mug‘an Turk xoqonligi taxtiga o‘tirdi.576-yili Mug‘an xoqon va Istami yabg‘u vafot etdilar. Ulardan keyin taxtga o‘tirgan Tapar xoqon (576-581), Ishbara xoqon (581-587) lar hukmronligi paytida Turk xoqonligi bilan Eron orasida bir marta urush bo‘ldi. Eron sarkardasi Bahrom chubin uch yuz ming kishilik turk qo‘shinlarini – Chur bag‘a xoqon qo‘mondonligidagi lashkarni Hirot bilan Balx orasida tor-mor qildi. O‘sha urushda Chur bag‘a xoqon halok bo‘ldi. Bahrom chubin Buxoro yonidagi Paykent shahriga bostirib kelib, Chur bag‘a xoqonning o‘g‘li Barmudo tiginni asir qilib oldi. Paykent shahrining xazinasidagi boyliklarni bir necha ming tuyaga yuklab, Eron shahanshohi Xo‘rmuzd (Istami yabg‘uning qizidan tug‘ilgan)ga jo‘natdi. Bu safargi urushda Eron g‘arb tarafdan hujum qilgan Sharqiy Rum qo‘shinlarini ham Kavkaz atrofida tor-mor qildi. Turk xoqonligi qo‘shinlari bilan Sharqiy Rum lashkari mag‘lub bo‘lgan esa-da, Eron xalqaro savdo yo‘liga bo‘lgan hukmronlikni qaytadan qo‘lga kiritolmadi.

Kul tigin bitigtoshi ikki qismdan – kichik bitig va ulug‘ bitigdan iborat. Kichik bitigni ulug‘ bitigning debochasi deb aytish mumkin.

Yo‘llig‘ tigin Bilga xoqon tilidan hikoya qilar ekan, turkiy qavmlarning ikki yuz yillik tarixini badiiy yo‘sinda ifoda qiladi, turkiy qavmlarning ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy jihatdan goh yuksalishini, goh tanazzulini dardli lavhalarda bayon qiladi. Tabg‘ach (xitoy) xalqi turkiy qabilalarning hayotiga, turmushiga doim rahna solib keldi. Birinchi Turk xoqonligi davrida (551-630) mamlakatning parokanda bo‘lib qolishiga sababchi, turkiy qabilalarni yo‘ldan ozdirgan ham tabg‘ach xalqi edi. Bilga xoqon tilidan voqealarni hikoya qilayotgan Yo‘llig‘ tigin tabg‘achlar bilan Turk xoqonligi o‘rnatgan munosabatni quyidagicha ta’riflaydi: “Bu erda (O‘tukanda – N.R.) o‘rnashib, tabg‘ach xalqi bilan murosaga keldim”. Tabg‘ach xalqi makkor, ayyor: “Tabg‘ach xalqi so‘zi shirin, ipak kiyimi nafis ekan. Shirin so‘zi, ipak kiyimi bilan aldab, yiroq xalqni shu xilda yaqinlashtirar ekan.Yaxshi qo‘shni bo‘lgandan keyin yovuz ilmi u erda o‘rganar ekan”. Makkorlikning keng tarqalgan, ommalashgan usuli shu – avaliga shirin so‘zlar bilan yaqinlashtiradilar, keyin qullik, xo‘rlash, erkni bo‘g‘ish. Insoniyat bu ahvolni boshidan ko‘p kechirgan.

O’rxun-Enasoy yodgorliklari – qadimgi turkiy adabiyotning namunasi
O’rxun-Enasoy  yozma yodgorliklari qadimgi turkiy adabiyotning alohida bir qatlami va yo‘nalishi sifatida turkiyshunoslikda kam o‘rganilgan. Bu yodgorliklarini tizimli ravishda ilk yozma adabiyotning namunasi sifatida o‘rganishni boshlab bergan olim rossiyalik olim I.V.Steblevadir. Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarni o‘zbekchaga tadbiq qilish , tadqiqot ishlari olib borishda  O‘zbekistonda ham ma’lum ishlar amalga oshirilgan.

Tadqiqot jarayonida ilmiy bilishning mantiqiylik, tarixiylik, izchillik va obyektivlik usullaridan keng foydalanildi. N.Rahmonov Oʻrxun-Enasoy yodgorliklarining turkiy eposlardan oʻsib chiqqan asar ekanligini aytib, yodgorliklarni oʻrganish asnosida oʻzbek xalqi tarixini oʻrganishni uzoq asrlardan boshlash kerakligi ta’kidlaydi. Turk xoqonligi madaniyatini oʻrganib, shahzodalar Kultegin, Bilgaxoqon va maslahatchi Toʻnyuquqning qahramonliklari, vatanparvarligi, xalq taqdirini oʻzinikidan ustun qoʻyish hislatlarini bizga uzoq oʻtmishdan qolgan meros ekanligiga e’tibor qaratadi. Turkiy-run yozuvida bitilgan bitiklar Oʻzbekiston hududidan ham anchagina topilganini, ularning ma’nolarini asarlarida koʻrsatib berdi. Umuman, olimning Oʻrxun-Enasoy yodgorliklari tadqiqiga bagʻishlab yozilgan asarlarini quyidagicha oʻrganish mumkin: Oʻrxun-Enisoy yodgorliklarining badiiyati oʻrganishga bagʻishlangan asarlar: “Toshga bitilgan kitoblar”, “Inson ruhining sadosi”, “Bitiglar olamida”, “Koʻhna bitigtoshlar”, “Oʻzbekistonning koʻhna turkiy-run yozuvlari”, “Oʻzbek Mumtoz adabiyotining namunalari”, “Oʻzbek adabiyotini davrlashtirish masalalari” kabi kitoblarida yodgorliklarning ma’nosi, mazmuni, adabiy tomonlari oʻrganilgan. Jumladan, Boqijon Toʻxliyev bilan hammualiflikda yozgan “Oʻzbekistonning koʻhna turkiy-run yozuvlari” (2006) kitobi Oʻrxun-Enasoy yodgorliklarining mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekistondan topilgan turkiy-run yozuvidagi topilmalar haqida ma’lumot beradi.

Q.Sodiqov yodgorliklarning tilini, tarixini va falsafiy qarashlarini oʻrganib, ilmiy tadqiqotlar yaratish bilan bir qatorda Oʻrxun-Enasoy yodgorliklarini oʻzbekchaga tabdil qildi. Oʻzbekistondan topilgan bitiklarga asoslanib, Oʻzbekiston koʻhna turkiy run yozuvlarining makoni boʻlgan degan xulosaga keldi. Yodgorliklar tili, uslubiyati, dialektikasi, fonetikasi va morfologiyasini oʻrgandi.

Oʻrxun-Enasoy obidalari birinchi navbatda tarixni yoritadi. Xususan, etnik tarix bilan tutashadi. Turkiy qabilalar oʻrtasidagi farqlar, asosan, ularning tillari orqali aniqlanadi. Demak, qabilalar tarixini yoritishda ham yodgorliklarning ahamiyati katta. Yozuvning kelib chiqishi, alifbolarning har xilligi, boshqa yozuvlarning turkiy-run yozuviga ta’siri kabi masalalarga ham obidalar matnini oʻrganish orqali javob topish mumkin.

Turk – run yozuv belgilari va ular ifodalagan tovushlar

(1-jadval)

  • jadval)

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

 

  1. Eng eski turk adabiyoti namunalari (Tuzuvchi prof.Fitrat). — T.: 1927;
    2. Yeniseyskaya pismennost tyurkov. -M,L.: 1952;.
  2. Malov S.E. Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti. -M.: 1951;
    4. I.V.Stebleva. Poeziya tyurkov U1-U111 vv. —M.:1964;
    5. A. Qayumov. Qadimiyat obidalari. — T.: 1971.
    6. N.Rahmonov. Inson ruhining sadosi. — T.: 1986;
    7. N.Rahmonov. Koʻhna bitiktoshlar. — T.: 1990:
    8. N.Rahmonov. Turk xoqonligi. — T.: 1993.
  3. Muqaddas Allambergenova “ OʻRXUN-ENASOY OBIDALARINING OʻZBEKISTONDA OʻRGANILISHI” , – Oriental Renaissance: Innovative,

educational, natural and social sciences, 2021,May

Tolmasov Shahriyor Hasan o’g’li

Samarqand viloyati, SamDU filologiya fakulteti 1-bosqich talabasi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications