O’zbekiston fuqaroligini olish tartibi qanday?

Quyidagi sharoitda xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi mumkin:

  1. Shaxs xorijiy fuqarolikdan  voz kechishi zarur.
  2. Agarda  shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida  so‘nggi  5 yil mobaynida yashayotgan bo‘lsa.  Ushbu qoida  O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxslarga, basharti ular shu yerda tug‘ilgan va hech bo‘lmasa ota-onasidan biri, buvasi yoki buvisi O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilganligini va boshqa davlatlarning fuqarosi  emasligini isbotlasa, taalluqli bo‘lmaydi.
  3. Agarda shaxsning qonuniy tirikchilik manbalari mavjud bo‘lsa;
  4. Agarda shaxs O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini tan olsa va uni bajarsa.

Ushbu normaning 1,2 va 3-bandlarida qayd etib o‘tilgan talablar alohida hollardagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan  O‘zbekiston Respublikasi oldida buyuk xizmatlari yoki fan,  texnika va madaniyat sohasida katta yutuqlari bo‘lgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasini qiziqtiradigan kasb yoxud malakaga ega bo‘lgan ayrim shaxslarga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin.

Xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun  o‘zi yashab turgan joydagi ichki ishlar organlariga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qilishi lozim:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza.

18 yoshga  to‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi ariza uning qonuniy vakillari tomonidan bola tug‘ilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi bilan birgalikda beriladi. 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining arizasiga notarial idoralar tomonidan tasdiqlangan ruxsatnomani taqdim etishlari kerak.

2. Ikki nusxada ariza-so‘rovnoma.

3. Xorijiy fuqarolikdan chiqqanlikni tasdiqlovchi hujjat (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bundan mustasno).

4. Ikki nusxada tarjimayi hol.

5. Kun kechirishning qonuniy manbalari  mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ish joyidan ma’lumotnoma yoki ish haqi, pensiya, nafaqa, dividentlar va kun kechirishning boshqa manbalari ko‘rsatilgan boshqa hujjat).

6. 4 ta fotosurat (35x45mm).

7. Ikki nusxada oilasining tarkibi to‘g‘risida turar joyidan ma’lumotnoma.

8. Davlat boji to‘langanligi haqidagi hujjat (O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi materiallarni ko‘rib chiqish uchun eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida davlat boji undiriladi .

Fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni rasmiylashtiruvchi ichki ishlar organlari, diplomatiya vakolatxonalari, konsullik muassasalari ariza beruvchi shaxsdan mazkur Nizomda ko‘rsatilgan hujjatlar va materiallardan tashqari ishga daxldor bo‘lgan boshqa hujjatlarni ham talab qilishga haqlidirlar.

Arizalar, so‘rovnomalar va tarjimayi hollarning barcha nusxalarini arizachi ular yozilgan sanani ko‘rsatib imzolashi zarur.

Arizachi savodsizligi yoki jismoniy kamchiliklari tufayli arizaga o‘z qo‘li bilan imzo cheka olmagan taqdirda,  uning iltimosiga ko‘ra, arizaga boshqa shaxs imzo chekishi mumkin va konsullik arizachi o‘z qo‘li bilan arizani imzolay olmaganligi sabablarini arizaga yozib qo‘yadi.

Arizachi barcha hujjatlarni topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni e’lon qilingan kundan boshlab fuqarolikka olinadi.

 Iltimosnomalarni ko‘rib chiqish muddati :

Vakolatli organlarning har birida materiallarni ko‘rib chiqish muddati bir oydan, umumiy muddati esa — fuqarolik masalalari bo‘yicha hujjatlar ochilgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak.

Fuqarolikka qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani rad etish:

Agar shaxs:

  • O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishni yoqlab chiqayotgan bo‘lsa;
  • faoliyati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy prinsiplariga zid bo‘lgan partiyalar va o‘zga tashkilotlarga a’zo bo‘lsa;
  • O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq jazolanadigan xatti-harakatlar uchun ozodlikdan mahrum etilgan va jazoni o‘tayotgan bo‘lsa, uning O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasi rad etiladi.
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications