O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi: bugungi holat va mavjud muammolar

ANNOTATSIYA
Gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi.

KALIT SO’ZLAR

“Ayollar daftari”, qonuniylik, demokratiya, ochiqlik, oshkoralik, gender jihatlar, tazyiq.

Yer yuzi aholisining ellik uch foizini ayollar tashkil etadi. Shuning uchun ham gender muammolari bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular ijtimoiy-maʼnaviy, siyosiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida samarali va faol mehnat qilib kelishmoqda. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyada ham xotin-qizlarning barcha sohalarda teng huquqli ekanligi eʼtirof etilgan. Hukumat tomonidan chiqarilayotgan qaror va farmoyishlarda ayollar, oilalar, farzandlar manfaati hamisha ustuvor boʻlib kelmoqda. Bu saʼy-harakatlar ayollarning jamiyat hayotida faolligi orqali oʻz ifodasini topayotganligi ham ayni haqiqat. Xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda eʼtibor kuchaytirilayotganligining yana boshqa jihatlari ham bor. Xususan, ularning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, iqtisodiy faoliyatni keng yoʻlga qoʻyish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish masalalari davlatning muhim maqsadlari qatoridan joy oldi.

Oxirgi to‘rt yilda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi. Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, Davlat budjetidan har yili 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etilib, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-o‘rinni egalladi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini ishlab chiqdi.

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari hamda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ayni paytda, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda jiddiy e’tibor talab etadigan masalalar mavjud.Jumladan, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng darajada davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki yetarlicha ta’minlanmayapti, ularni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarga jalb qilish holati sustligicha qolmoqda. Xotin-qizlarning davlat hokimiyati va boshqaruvidagi faoliyati to‘g‘risida jamiyatdagi salbiy qarashlar esa ularning siyosiy jarayonlarda o‘z g‘oyalarini ilgari surishiga to‘sqinlik qilmoqda. Aksariyat hollarda xotin-qizlarga iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lmagan va haq to‘lanmaydigan uy xo‘jaligi ishlari yuklatilmoqda.

Ta’limda xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida keskin tafovutlar kuzatilib, bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim o‘qituvchilarining 70 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etmoqda.Ta’limning pedagogika va gumanitar fanlar (filologiya, pedagogika, psixologiya, madaniyat va san’at) yo‘nalishlarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 68 foizni tashkil etsa, muhandis-texnik (axborot texnologiyalari, energetika, injeneriya) va huquqshunoslik sohalarida ularning ulushi hamon kamligicha (24 foiz) qolmoqda.Respublika hududlarida, ayniqsa qishloq joylarida sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatining pastligi, xususiy tibbiy xizmatlarning rivojlanmaganligi, er va xotin o‘rtasida oilani rejalashtirish bo‘yicha tibbiy madaniyatning yetarli emasligi onalar va go‘daklar o‘limlarining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Jamiyatda erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasida yuzaga kelgan tengsizlikdan dalolat beruvchi omillardan biri bo‘lib aholi bandligining kasbiy va gender strukturasi hisoblanadi. Bunga xotin-qizlar maoshidagi jiddiy farq, mamlakat xo‘jaligining o‘zuga xos “xotin-qizlar” tarmoqlarida xotin-qizlarning jamlanishi va hokazolar kiradi. Ikkinchi tomondan, oilada erkaklar bilan xotin-qizlar o‘rtasidagi majburiyatlarnung notekis taqsimlanishi va bunda uy~ro‘zg‘or, bolalar ota~onalar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish asosan xotin~qizlarning zimmasiga tushishi ularni o‘z kasbiy mahoratini rivojlantirishdan voz kechishni tanlashga olib keladi va ushbu tanlovni ixtiyoriy deb bo‘lmaydi.

Tashqi va ichki migratsiyaning gender jihatlari, uning xotin-qizlar hamda erkaklarga, ularning oilasi, farzandlariga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar yetarlicha olib borilmayapti, mazkur sohada aholi uchun yaratilgan imkoniyatlar, xotin-qizlarning huquqlari, mehnat migrantlarini himoya qilish mexanizmlari to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari lozim darajada tashkil qilinmayapti.Qolaversa, media mahsulotlarining gender ekspertizasi o‘tkazilmayapti, ommaviy axborot vositalarida oila va jamiyatdagi xotin-qizlar va erkaklarning rolini aks ettirishda an’anaviy qarashlar mavjud, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida xotin-qizlarning jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasi yetarli darajada yoritilmayapti.Yuqoridagi kabi muammo va kamchiliklarning saqlanib qolinishi nafaqat inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli ta’minlash imkoniyatini cheklabgina qolmasdan, mamlakatning xalqaro maydondagi imidjiga, uning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.Xususan, Jahon Bankining “Ayollar, biznes va qonun indeksi”da 190 ta mamlakat orasida 139-o‘rinni, AQShning Djordjtaun instituti tomonidan yuritiladigan “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksi”da 167 ta mamlakat ichida 89-o‘rinni egallamoqda. Indeks beruvchi xalqaro tashkilotlarning statistik ma’lumotlariga asosan Jahon iqtisodiy forumi tomonidan tayyorlanadigan “Global gender tafovuti” global hisobotida O‘zbekistonning o‘rni aks etmagan.Shu munosabat bilan Gender strategiyasining amalga oshirilishi xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi tengsizlikni bartaraf etish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi imidjini oshirish imkonini beradi.
Gender strategiyasining asosiy maqsadi — irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini ta’minlashdan iborat.

Gender strategiyasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • xotin-qizlarning yer va mulkka nisbatan egalik qilish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan hamda sport munosabatlarida xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ishtirok etishlarini qo‘llab-quvvatlash, qaror qabul qilishda ularning yetakchilik qilishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish;
  • xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq salbiy qarashlarni o‘zgartirish;
  • aholi bandligi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarni, shuningdek, munosib ish o‘rinlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarning tijorat banklaridan kredit olishga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish;
  • xotin-qizlar va erkaklarni butun umri davomida o‘qishga bo‘lgan imkoniyatlarini rag‘batlantirish, ularning oilani rejalashtirish borasidagi tibbiy madaniyatini oshirish va reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yuksaltirish;
  • odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish, ularni aniqlash va barham berish bo‘yicha samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;
  • oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda barcha oila a’zolarining mas’ulligini oshirish, erta nikoh, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta tug‘ruq hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish;
  • gender tenglik tamoyillarini ilgari surishda, xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarini teng amalga oshirishda budjetni rejalashtirish, gender masalalarini budjet jarayonlariga integratsiyalash, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish;
  • gender tenglik, ayollar tadbirkorligi, xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini baholovchi xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish milliy maqsadlariga erishishda parlament, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish;
  • gender tenglik sohasidagi xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga mos bo‘lgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Gender strategiyasini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;

2. Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;

3. Ta’lim, ilm-fan, sport hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;

4. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;

5. Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;

6. Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;

7. Gender jihatlarni hisobga olgan holda rejalashtirish va budjetlashtirish;

8. Gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish;

Gender tenglikni ta’minlash borasidagi takliflar:

• Ayollar sonining kamayishiga hissa qo’shadigan omillar tahlilini qo’llab-quvvatlash
oliy ta’lim, shu jumladan iqtisodiy holat va infratuzilma bilan bog’liq
etishmovchiliklar.

• mos keladigan mehnat bozori talabini baholash va ayollarni noan’anaviy tarmoqlarda (masalan, sanoat, energetika,transport, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va moliya) faoliyat yuritishini qo‘llab~quvvatlash;

• Talabalar tanlovida akademik fanlar va ta’lim yo’nalishlari (masalan, qabul kvotalarini oshirish, stipendiyalar, stajirovkalar, murabbiylik dasturlari va ayollarning oliy ta’limga kirishini oshirish uchun imtiyozlarni ko‘paytirish;

• Ayol~qizlarni noan’anaviy texnik mutaxassisliklar ko‘proq jalb qilish;

• Yosh onalar uchun ta’lim turlarini qayta ko‘rib chiqish (masalan, 3yoshgacha farzandi bo‘lgan talaba onalar uchun maxsus o‘quv platformasini ishlab chiqish);

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, mamlakatimizda gender tenglikning ta’minlanishi jamiyatda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, farzandlarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirishda xotin-qizlar va erkaklarning mas’uliyati hamda roli oshirilishida amaliy ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

“Huquq va gʻururning erkak-ayoli boʻlmaydi”. Xalq so‘zi. 3 Iyul 2020
https://lex.uz.
Gender munosabatlari nazariyasi va amaliyotiga kirish. Gender va rivojlanish. Dinara Alimjonova. Toshkent 2007.
Uzbekistan Country Gender Assessment 2018 p.74

 

Mirzayeva Madina Mutalib qizi
O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich magistranti

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications