
O’zbekistonda kiberxavfsizlik bo’yicha yangi strategiya: PQ-153-son Prezident Qarori haqida tushuntirish
G’ayrat Eshboyev
Toshkent davlat yuridik universiteti Kiber huquq kafedrasi o’qituvchisi
2025-yil 30-aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida” PQ-153-son Prezident Qarorini imzoladi
Qarorga ko’ra, Ichki ishlar vazirligi O’zbekistonda kibertahdidlarga qarshi kurashish sohasida vakolatli organ etib tayinlandi. Jinoyatlarni aniqlash darajasini oshirish uchun prokurorlik nazorati joriy etiladi.
Qarorning asosiy qoidalari quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Jinoyat sodir etishda axborot texnologiyalaridan foydalanishni javobgarlikni og’irlashtiruvchi holat sifatida belgilash rejalashtirilmoqda.
- Kiberjioyatlarni sodir etishda o’z bank kartalari, hisob raqamlari, elektron hamyonlari yoki shaxsiy ma’lumotlaridan (SIM-kartalar, elektron akkountlar) foydalanishga yo’l qo’ygan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
- Markaziy bank “moliyaviy piramida” kabi firibgarlik sxemalarini aniqlash tizimini joriy etadi.
- Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Markaziy bank o’rtasida ma’lumotlar almashinuvi uchun elektron platforma yaratiladi.
- Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni yig’ish jarayoni to’liq avtomatlashtirilib, prokuror sanksiyalari elektron tarzda olinadi.
Amalga oshirish muddatlari:
- 1-sentyabrga qadar Markaziy bank barcha banklar va kredit byurolarining ma’lumotlarini yagona platformaga integratsiyalashni, shuningdek markazlashgan anti-frod tizimini ishga tushirishni ta’minlashi kerak.
- Yil oxiriga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi spam qo’ng’iroqlarni cheklash tizimlarini joriy etishi kerak.
Qo’shimcha chora-tadbirlar:
- Shubhali pul o’tkazmalari bilan bog’liq bank kartalarini tezkorlik bilan bloklash.
- Axborot tizimlaridagi zaifliklar tufayli kiberjinoyatlarga yo’l qo’ygan banklar va to’lov tashkilotlari ro’yxatini har oyda e’lon qilish.
- Agar kiberjinoyatlar banklar yoki to’lov operatorlari axborot va kibexavfsizlik talablariga rioya qilmaganligi oqibatida sodir etilgan bo’lsa, ular foydalanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashi shart.
- Noyabr oyini “Kiberma’daniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilish, internet va ijtimoiy tarmoqlarda kiberfiribgarlik usullari haqida ogohlantiradigan maqsadli reklamalar joylashtirish.
Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va IT qo’mitasi raisi Ilhom Abdullayevning aytishicha, yaqin kelajakda IT yordamida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish to’g’risidagi qonun ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.