Ozoda – Muhammad Yusuf

Ozodani sevaman men, Ozodani,
Suluvlarning sarvari — xonzodani.
Yo’latmasman yoniga shabbodani,
Ozodani sevaman men, Ozodani.

Ko’rganmanu ko’rganim ertasidan,
Yuragim qoq bo’lingan o’rtasidan.
Har kuni bir o’taman ko’chasidan,
Ozodani sevaman men, Ozodani.

O’taman-da. O’tmasam bo’lmaydi hech,
O’tmay desam, ko’ngil o’lgur to’lmaydi hech.
Ko’zim toyib ketaverar — qo’ymaydi hech,
Ozodani sevaman men, Ozodani.

Bir eslasam zirqillaydi bandi-bandim,
Kechagina bir qizchani o’ynatgandim!
Kuchugiga oqqand berib o’rgatgandim,
Ozodani sevaman men, Ozodani.

Tushunmaslar kuladi: esiz-esiz,
Kimdir ermak qiladi: esiz-esiz,
Xotinim ham biladi, nima deysiz?
Ozodani sevaman men, Ozodani.

Yigit qirqda qirchillab g’arq pishadi,
Erta-indin sochimga oq tushadi,
Chin oshiqlar qirq yilda topishadi!
Ozodani sevaman men, Ozodani.

Sevgan edim, hamon u suyukli yor,
Bilagida barmog’imning izi bor.
Ozodaning bir o’g’il, bir qizi bor…
Men baribir sevaman Ozodani.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications