Pensiyalarni to‘lash tartibi qanday?

Ishlamaydigan pensionyerlarga pensiyalarni yashab turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari to‘laydi.

Ishlayotgan pensionyerlarga pensiya ish joyida to‘lanadi.

Ishlamaydigan pensionyerlarga pensiya yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklatilgan tashkilot yoki pensionyerning xohishiga ko‘ra pul mablag‘larini fuqarolarning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.

Pensiya to‘lash qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida rasmiylashtirilgan ishonchnomaga ushbu hujjat rasmiylashtirilgan davlatning vakolatli organi tomonidan apostilь qo‘yilishi lozim, MDHga a’zo davlatlar mustasno.

Pensionyerga hisoblab chiqarib qo‘yilgan, lekin u tomondan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun to‘lanadi.

Pensiyani tayinlovchi yoki to‘lovchi organning aybi bilan o‘z vaqtida olinmay qolgan pensiya puli o‘tgan davr uchun muddati cheklanmagan holda to‘lanadi.

Qariyalar va nogironlar intyernat uylarida yashovchi va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga pensiya to‘lash

Qariyalar va nogironlar intyernat uylarida (pansionatlarida) yashovchi yolg‘iz pensionyerlarga pensiya bilan ular ta’minoti uchun sarf-xarajat o‘rtasidagi farq, lekin tayinlangan pensiyaning kamida 10 foizi, urush nogironlariga esa kamida 20 foizi to‘lanadi. Ruhiy bemorlar intyernat uylarida yashovchi pensionyerlarga pensiya to‘lanmaydi.

Pensionyer ozodlikdan mahrum qilingan taqdirda tayinlangan pensiyani to‘lash ozodlikdan mahrum qilingan davr uchun to‘xtatib qo‘yiladi. Pensionyer ozod bo‘lgandan keyin pensiyani to‘lash Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza berilgan kundan boshlab tiklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan fuqarolarga pensiyalar to‘lash

Chet elga doimiy yashash uchun chiqib ketishdan oldinroq tayinlangan pensiyalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga chiqib ketish to‘g‘risida ariza berilgan kundagi holatga ko‘ra pensiya miqdori hisobidan chet elga chiqib ketish oldidan 6 oy avval to‘lanadi.

Bu fuqarolarning chet elda bo‘lgan vaqti uchun, mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida tayinlangan pensiyalargina to‘lanadi.

Pensionyerning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiyani to‘lash va dafn etish uchun nafaqa to‘lash

Pensionyer olishi lozim bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli myeros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga kiruvchi oila a’zolariga to‘lanadi. Ota-onasi, eri (xotini), shuningdek pensionyer bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turgan oila a’zolari bu pulni, ular boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmaganlari taqdirida ham olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Pensionyer vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga oyning u vafot topgunga qadar o‘tgan kunlari uchun to‘lanadi.

Oilaning bir necha a’zosi murojaat etgan taqdirda pensiyaning ularga tegishli summasi ularning o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Pensionyer vafot etgan taqdirda uning oilasiga yoki pensionyerning dafn marosimini o‘tkazgan shaxsga eng kam oylik ish haqining to‘rt barobari miqdorida (810 920,00 so‘m) dafn etish nafaqasi to‘lanadi.

Ko‘rsatib o‘tilgan pullar, ularni olish uchun pensionyer vafot etganidan keyin oltmish kun ichida murojaat etilgan taqdirda to‘lanadi.

Pensiyalardan chegirmalar

  • a) sudning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari va hukmlari (mulkiy undirishlar borasida), notarial idoralarning ijro varaqalari hamda qonun hujjatlariga muvofiq ijrosi sud hal qiluv qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladigan boshqa hal qiluv qarorlari va qarorlar asosida;
  • b) Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining qaroriga binoan — pensionyerga uning tomonidan qilingan suiiste’molliklar oqibatida (qasddan noto‘g‘ri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar taqdim etmaslik natijasida) yoxud hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to‘langan taqdirda qilinishi mumkin.

Pensionyer Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni ushlab qolish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida, biroq uning aniqlanish sanasidan uch yildan ko‘p bo‘lmagan davr uchun undiriladi.

Pensiyalardan yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidan tashqari boshqa hech qanday chegirmalar qilish mumkin emas.

Har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi mumkin emas.

Ortiqcha to‘langan pensiya puli bo‘yicha qarzdorlik to‘liq uzilgunga qadar pensiya to‘lash to‘xtatilgan hollarda (masalan, mehnat qobiliyati tiklanganligi tufayli) qolgan qarz sud tartibida undiriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications