Pensiyani qayta hisoblash qanday amalga oshiriladi?

Pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos paydo boʼlgan taqdirda pensiyaning tayinlangan turi miqdorini qayta hisoblab chiqish toʼgʼrisidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Quyidagi holatlar tayinlangan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos boʼlib xizmat qiladi:

a) pensioner tomonidan pensiya hujjatlar yigʼmajildida mavjud boʼlmagan va pensiya miqdoriga taʼsir koʼrsatadigan qoʼshimcha hujjatlar taqdim etilishi;

b) nogironlik guruhining oʼzgarishi;

v) boquvchisini yoʼqotganlik pensiyasini oluvchi oila aʼzolari sonining oʼzgarishi;

g) ustama haq olish huquqining paydo boʼlishi;

d) eng kam oylik ish haqi miqdorining oʼzgarishi;

e) daromadlarning indeksatsiya qilinishi.

Ish haqiga mintaqaviy koeffitsientlar belgilangan tumanlarda (shaharlarda) ishlagan shaxsga pensiyalarni qayta hisoblashda mintaqaviy koeffitsient hisobga olingan holda hisoblab chiqilgan amaldagi ish haqi hisobga olinadi.

Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun qayta hisoblab chiqish huquqi paydo boʼlgandan keyin istalgan vaqtda murojaat qilishlari mumkin.

Pensiya miqdorini qayta hisoblash toʼgʼrisidagi ariza pensioner yashaydigan joy boʼyicha Pensiya jamgʼarmasi boʼlimiga beriladi.

Oilaning voyaga yetmagan aʼzosi (boquvchisini yoʼqotganlik pensiyasi) yoki belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb eʼtirof etilgan shaxsning nomidan pensiya miqdorini qayta hisoblash toʼgʼrisidagi ariza uning ota-onasi yoki qonuniy vakili yashaydigan joy boʼyicha Pensiya jamgʼarmasi boʼlimiga berilishi mumkin.

Pensiya jamgʼarmasi boʼlimi pensiya miqdorini qayta hisoblash toʼgʼrisidagi masalani shaxs tegishli ariza bilan murojaat qilganda koʼrib chiqadi.

Pensiya jamgʼarmasi boʼlimi nogironlik guruhi oʼzgarganligi munosabati bilan pensiya miqdorini qayta hisoblashda TMEKdan olingan nogironlik toʼgʼrisidagi maʼlumotnomaning tegishli qismini pensionerning pensiya hujjatlar yigʼmajildiga ilova qiladi.

Eng kam oylik ish haqining miqdori oʼzgarganda va nogironlik guruhi oʼzgarganda,  tayinlangan pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda pensiya miqdorini qayta hisoblash toʼgʼrisida ariza berish talab qilinmaydi:

Pensiya miqdorini qayta hisoblash toʼgʼrisidagi ariza Pensiya jamgʼarmasi boʼlimi tomonidan besh kun muddatda koʼrib chiqiladi.

Pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda qayta hisoblash ushbu holatlar boshlangan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.

Qanday hollarda pensiya miqdori qayta hisoblanmaydi?

Ish staji va pensiya tayinlangandan keyin ega boʼlingan (olingan) ish haqi hisobga olingan holda pensiya miqdorini qayta hisoblash amalga oshirilmaydi.

Umumiy belgilangan yosh kamaytirilgan holda yoshga doir pensiya tayinlangan shaxsga u umumiy belgilangan yoshga toʼlganligi munosabati bilan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqilmaydi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications