Prezident Farmoni (PF–6252-son, 28.06.2021-y.) bilan Oʻzbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Farmonga koʻra, har uch yilda bir marta milliy darajada jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq tavakkalchiliklar baholanadi.
2022-yilda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari hamda sohadagi yetakchi olimlar ishtirokida “Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish: zamonaviy tahdidlar va ularga qarshi kurashishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi.
Farmon bilan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining axborotni toʻplash va unga ishlov berish boʻlimi negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Xavflarni baholash markazi tashkil etildi.
Pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk bilan bogʻliq shubhali operatsiyalarni tahlil qilish orqali jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish holatlarini oʻz vaqtida aniqlash Markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.