Prezident harbiy xizmatga chaqiruv toʻgʻrisida qaror imzoladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni qurolli kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Unga koʻra, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:

Chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2021-yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.

Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan cheklovlar bilan yaroqli boʻlgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan, biroq ushbu chaqiruv davrida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinadi.

Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilar 2021-yilning mart-aprel oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications