Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turniri oʻtkaziladi

“Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Shaxmatni 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) tasdiqlandi. Bunda 2025-yilga qadar shaxmat bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini 3 foizga yetkazish nazarda tutilgan.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

➖ 150 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga oʻqitishni tashkil qilish amaliyoti kengaytirilib, yana qoʻshimcha 150 ta maktab (shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) 10 tadan, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 15 tadan maktab) shaxmatga ixtisoslashtiriladi;

➖ tegishli 1 000 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida 2, 3 va 4-sinf oʻquvchilarini “Jismoniy tarbiya” fani doirasida 18 soatlik reja asosida shaxmatga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi hamda ularga metodik yordam koʻrsatiladi;

➖ qolgan barcha maktablarning 2, 3 va 4-sinf oʻquvchilari “Jismoniy tarbiya” fani doirasida shaxmatga oʻqitiladi.

2021-yildan boshlab har yili bir oy davomida maktablarda “Shaxmat oyligi” tashkil etiladi.

2021-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda:

Toshkent shahrida Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turniri, Oʻzbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster G.T. Agzamov xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir, shuningdek, shaxmat boʻyicha XVII Jahon chempioni R.M. Qosimjonov xalqaro turniri;

Samarqand shahrida “Sohibqiron kubogi” xalqaro shaxmat turniri;

Xiva shahrida “Al-Beruniy” xalqaro shaxmat turniri;

Buxoro, Termiz va Xiva shaharlarida “Turizm va shaxmat haftaligi” tashkil etiladi.

Shuningdek, shaxmat maktablari va klublari faoliyatiga koʻmak berish maqsadida Oʻzbekiston shaxmat klublari assotsiatsiyasi tashkil etildi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Fargʻona filialida shaxmat boʻyicha taʼlim yoʻnalishi ochiladi.

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, shaxmat boʻyicha musobaqalar va turnirlarni onlayn oʻtkazish platformasi (www.uzchess.uz), shuningdek, tahsil olayotgan oʻquvchilar va talabalar hamda oʻqituvchilar, trenerlar va mutaxassislarning yagona elektron bazasi yaratiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications