Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilishda davlat nazoratini yana-da mustahkamlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuzilmasida:
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining agrar sohani raqamlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari va unga boʻysunuvchi markaziy apparatdagi 16 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobiga:
agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosari lavozimi kiritiladi;
Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi va Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil qilinadi;
Bunda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi faoliyatini muvofiqlashtirish agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosariga yuklatiladi.