Qonuniy nikohsiz ayol va farzandining meros huquqi qanday?

Qonun bo’yicha vorislikka ko’ra, Fuqarolik kodeksining 1134-moddasida ifodalanganidek, meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar. Bundan ma’lum bo’ladiki, nechinchi turmushidan bo’lishidan qat’i nazar, barcha farzandlar, vafot etgan payti qonuniy nikohda turgan xotini va agar ota-onasi yoki ulardan qaysi biri tirik bo’lsa, barchasi qonunan vafot etgan shaxsning merosidan teng ulushlarga ega bo’ladi.

Diqqat qiling, yuqoridagidan shu narsa ma’lum bo’ladiki, shaxs vafot etganda uning faqat qonuniy nikohda turgan xotinigina qonuniy merosxo’r bo’ladi, shar’iy nikohdagi xotinida bunday huquq mavjud bo’lmaydi. Shunga qaramay, vafot etgan shaxsning qonuniy nikohdan tug’ilgan farzandlari va shar’iy nikohdan tug’ilgan farzandlari teng asosda meros olish huquqiga ega sanaladi. Bunda shar’iy nikohdan tug’ilgan farzandning tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomasida ota sifatida meros qoldiruvchi keltirilgan bo’lishi lozim.

Yuqorida sanalgan qonun bo’yicha merosxo’rlardan biri meros ochilgunga qadar vafot etgan bo’lsa, Fuqarolik kodeksida belgilangan taqdim qilish huquqi bo’yicha vorislik amalga oshiriladi.

“Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Bola, nevara, chevara, evara merosxo‘rligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik bo‘yicha merosxo‘rlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega bo‘ladilar”. (140-modda. Fuqarolik kodeksi)

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications