Va alaykum asssalom.
Ushbu vaziyatda avvalo siz aytayotgan mulk haqiqatan ham sizning shaxsiy mulkingizmi yoki sobiq eringiz bilan yashagan davringizda orttirilgan umumiy mulkmi, shunga oydinlik kiritish lozim.
O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi 25-moddasiga binoan er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
Shuningdek, Oila Kodeksining 26-moddasiga binoan qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablag‘i hisobiga olingan bo‘lsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.
Yuqoridagi asoslarga ko’ra mulk bevosita sizning xususiy mulkingiz sanalsa, ushbu mulkni sobiq turmush o’rtog’ingizdan so’rab olishingiz yoki sud tartibida talab qilib olishingiz mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 23-moddasiga ko’ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.
Yuqoridagi asoslarga ko’ra siz ta’kidlagan mulk agar umumiy mulk hisoblansa, rasman ajrashganingizga 6 yil bo’lganligi uchun ushbu mol-mulkni bo’lishga nisbatan talab qo’yish uchun da’vo muddati o’tib ketgan. Oila Kodeksining 27-moddasiga muvofiq nikohdan ajralgan er va xotinning umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi talablariga nisbatan uch yillik da’vo muddati qo‘llaniladi. Demak, ushbu holda katta ehtimol bilan u mulkni ololmaysiz.
Lekin, bu degani mutlaqo mulkni talab qilishga haqqingiz yo’q degani emas. Ushbu mulkni olish bo’yicha fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilishingiz mumkin. Agar sobiq turmush o’rtog’ingiz kuchli advokat yollab, da’vo muddati o’tib ketgani haqida sudga ariza bermasa, sudda yutib chiqishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat. Yana savollaringiz bo’lsa, bemalol murojaat qilavering.
Hurmat bilan
Toshkent Davlat Yuridik Universiteti 2-kurs talabasi
Abdixakimov Islombek
- Islombek Abdixakimov answered 6 yil ago
- You must login to post comments
Please login first to submit.