Skip to main content

Raqamli jinoyatchilik sohasida professional kadrlar tayyorlash: yangi tizim va istiqbollar

Islombek Abdixakimov
Kiber huquq kafedrasi o’qituvchisi
Toshkent davlat yuridik universiteti

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ-17-son qarori raqamli jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tub burilish yasadi. Mazkur qaror zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan fundamental hujjat sifatida baholanmoqda.

YANGI TA’LIM YO’NALISHLARI VA IMKONIYATLAR

2025/2026 o’quv yilidan IIV Akademiyasida “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” bakalavriat dasturi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura dasturi joriy etilishi – bu sohaning kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan strategik qadam hisoblanadi.

Muhimi, iste’dodli yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, xalqaro va respublika olimpiadalari sovrindorlari yakka tartibdagi suhbatsiz qabul qilinishi, xalqaro IT-sertifikatga ega nomzodlarning ayrim imtihonlardan ozod etilishi kabi imtiyozlar joriy etilmoqda. Bu esa sohaga eng iqtidorli kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.

INNOVATSION YONDASHUV VA ZAMONAVIY INFRATUZILMA

Qarorning innovatsion jihatlaridan biri – 2025-yil 1-iyulgacha IIV Akademiyasi tuzilmasida Kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika fakultetining tashkil etilishidir. Fakultet tarkibida kiberhuquq, aniq fanlar, raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi hamda kriminalistik ekspertizalar kafedralari faoliyat yuritadi.

“Kiberpoligon” o’quv laboratoriyasining tashkil etilishi ham muhim yangilik hisoblanadi. Bu laboratoriya talabalarga zamonaviy kiberjinoyatchilik usullarini o’rganish va ularga qarshi kurashish ko’nikmalarini real sharoitga yaqin vaziyatda rivojlantirish imkonini beradi.

XALQARO HAMKORLIK VA ILMIY SALOHIYAT

Qarorning e’tiborli jihati – xalqaro hamkorlikka katta e’tibor qaratilgan. Rossiya, Belarus, Xitoy, Koreya va Turkiya kabi davlatlarning tegishli muassasalari bilan hamkorlik o’rnatish, professor-o’qituvchilarni xorijiy tajriba almashish dasturlariga yuborish rejalashtirilmoqda. Bu esa jahon tajribasini milliy ta’lim tizimiga integratsiyalash imkonini beradi.

MASOFAVIY TA’LIM VA MALAKA OSHIRISH

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi axborot-ta’lim portali orqali surishtiruvchilar, tergovchilar va prokuratura xodimlari uchun “Raqamli kriminalistika” yo’nalishida masofaviy kurslar tashkil etilishi – bu soha mutaxassislarining uzluksiz malaka oshirishini ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Mazkur qaror O’zbekistonda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yangi sifat bosqichiga ko’tarish uchun mustahkam huquqiy va tashkiliy poydevor yaratdi. Bu quyidagi natijalarni berishi kutilmoqda:

  1. Professional kadrlar tayyorlash tizimining xalqaro standartlar darajasida shakllanishi;
  2. Raqamli jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot salohiyatining oshishi;
  3. Kibermakonda huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olish samaradorligining ortishi;
  4. Xalqaro hamkorlikning kuchayishi va ilg’or tajribalarning joriy etilishi.

Xulosa qilib aytganda, bu qaror O’zbekistonda raqamli xavfsizlikni ta’minlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yangi davrni boshlab berdi. Bu esa raqamli iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va milliy axborot makonining xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Categories: Yangiliklar